
Parijdagi grand turnirda 5-o‘rin uchun kurash davom etadi
Fransiya poytaxti Parijda o‘tayotgan Freestyle Chess Grand Slam Paris turniri jahon shaxmat sahnasining eng yirik va qizg‘in bahslaridan biriga aylangan. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda.
Karlsenga qarshi duel — g‘alaba norvegiyalik super grossmeysterga nasib etdi
Pley-off bosqichining javob uchrashuvlarida Nodirbek 1/4 finalda shaxmat olamining eng kuchli nomzodlaridan biri — Magnus Karlsenga qarshi to‘qnash keldi. Ilk uchrashuvda, 9 aprel kuni, Karlsen oq donalarda g‘alabani qo‘lga kiritgan edi. Javob uchrashuvi durang bilan yakunlandi.
Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 1,5:0,5 hisobida umumiy g‘alabaga erishgan Karlsen 1/2 finalga yo‘l oldi. Shunday qilib, Abdusattorovga musobaqaning asosiy sovrini uchun kurashni davom ettirish nasib etmadi.
Nodirbek uchun navbatdagi raqib — Maksim Vashe-Lagrav
Endi Nodirbek Abdusattorov musobaqada 5-o‘rin uchun bahs olib boradi. Uning navbatdagi raqibi — Fransiyaning tajribali grossmeysteri Maksim Vashe-Lagrav bo‘ladi. Bu bellashuv ham o‘ta qizg‘in va shiddatli kechishi kutilmoqda.
Shaxmat muxlislari uchun umid va tajriba
Nodirbek Abdusattorovning bunday nufuzli turnirlarda muntazam ishtirok etishi uning shaxsiy tajribasini oshirish bilan birga, o‘zbekistonlik yosh shaxmatchilar uchun ham katta ilhom manbaiga aylanmoqda. Uning Magnusga qarshi bahsi jahon shaxmat jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!