Janubiy Koreyaning mashhur Goyesan shahri 2025 yil 30 iyuldan 4 avgustgacha kurash bo‘yicha Osiyo miqyosidagi eng nufuzli va yirik sport musobaqasiga mezbonlik qildi. Bu chempionat Xalqaro Kurash assosiatsiyasi hamda Osiyo Kurash konfederatsiyasi taqvimidagi eng muhim tadbirlardan biri sifatida e’tirof etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi o‘zining rasmiy bayonoti orqali ma’lum qildi.
Turnir kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarni qamrab oldi. Kurash musobaqalari nafaqat sportchilarning jismoniy imkoniyatlarini, balki ularning ma’naviy tayyorgarligi va ruhiy chidamliligini ham sinovdan o‘tkazdi.
Besh kun davom etgan bellashuvlar faxriylar uchun unutilmas onlarga aylandi.
Chempionatning ilk kuni o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi bellashuvlar bilan boshlandi. Unda qit’amizning 25 ga yaqin mamlakatidagi iqtidorli va shijoatli yosh polvonlar gilam ustida o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.
Bellashuvlar natijalari O‘zbekiston sportchilari uchun yoqimli syurprizlarga boy bo‘ldi. Yoshlar o‘rtasidagi umumjamoa hisobida yurtdoshlarimiz 36 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza, ya’ni jami 39 ta medal bilan mutlaq yetakchilikni qo‘lga kiritishdi.
Ikkinchi o‘rinni Vetnam sportchilari egallashdi – ular hisobida 2 ta oltin va 1 ta kumush medal mavjud. Hindiston terma jamoasi esa 1 ta oltin, 12 ta kumush va 22 ta bronza medallari bilan kuchli uchlikni yakunladi.
3 avgust kuni kattalar o‘rtasidagi bahslar boshlandi. Ushbu bosqichda Osiyoning eng kuchli va tajribali polvonlari 8 ta vazn toifasida bellashishdi. Bu kun ham yurtdoshlarimiz uchun yuksak natijalarni taqdim etdi — O‘zbekiston kurashchilari 4 ta oltin va 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan final bellashuvlari esa chempionatga chiroyli va sharafli nuqta qo‘ydi. Kattalar o‘rtasida yana 8 ta vazn toifasida g‘oliblar aniqlandi va O‘zbekiston terma jamoasi yana 4 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, yurtdoshlarimiz umumiy hisobda 53 ta medalga ega bo‘ldi: 45 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza. Bu natija mamlakatimizning kurashdagi mutlaq ustunligini yana bir bor dunyoga namoyish qildi.
Ikkinchi o‘ringa Vetnam terma jamoasi sazovor bo‘ldi — ular 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan musobaqani yakunlashdi. Hindiston esa 2 ta oltin, 12 ta kumush va 27 ta bronza, ya’ni jami 41 ta medal bilan kuchli uchlikka kirdi.
Shuningdek, Tojikiston, Eron, Janubiy Koreya, Malayziya, Qirg‘iziston kabi 14 ta davlatning sportchilari ham Osiyo chempionati medallari bilan vatanlariga qaytishdi.
Shubhasiz, ushbu zafarli natijalar nafaqat kurash ishqibozlarini, balki butun yurtdoshlarimizni g‘ururga to‘ldirdi. Bu yutuqlar yana bir bor isbotladi — kurash nafaqat milliy sportimiz, balki yurtimizning dunyoga tanituvchi sharafli brendiga aylanmoqda.
O‘zbekiston kurashchilari Osiyo chempionatida barchani "lol" qoldirdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar