PSJ muxlislari xatti-harakati uchun klub jazolanishi mumkin

Fransiya chempionati 21-turi doirasida 8 fevral kuni Parijdagi “Park de Prens” stadionida o‘tgan “PSJ” — “Marsel” uchrashuvida (5:0) maydondagi natijadan tashqari, tribunadagi holatlar ham e’tiborni tortdi. Le Parisien xabariga ko‘ra, bu safar poytaxt klubi muxlislari salbiy tomondan ajralib qoldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
“PSJ” tarafdorlari raqib jamoa sha’niga haqoratli shiorlar aytib, xuddi shunday mazmundagi bannerlarni namoyish qildi. Ayrim iboralar irqchilik sifatida baholanishi mumkin, biroq manba suhbatlashgan yurist buni isbotlash amalda qiyin bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
O‘yinga yakuniga 20 daqiqa qolganida ko‘plab fayerlar yoqilgani sababli uchrashuv vaqtincha to‘xtatildi. Klub rahbariyati match boshlanishidan oldin ham muxlislardan bunday harakatlardan tiyilishni so‘rab, vaziyatning oldini olishga uringan.
Avvalroq “PSJ” muxlislari “Parij” klubini haqoratlaganidan so‘ng jamoa tribunaning bir qismini yopish bilan jazolangan edi. Endi voqea yana takrorlangani fonida, 18 fevral kuni mahalliy Intizomiy qo‘mita xuddi shunga o‘xshash sanksiya qo‘llamasligi uchun asoslar deyarli yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!