date

Karuana "Nomzodlar" turnirida qatnashuvchi raqiblarni qanday baholadi?

Karuana "Nomzodlar" turnirida qatnashuvchi raqiblarni qanday baholadi?

Deyarli barcha mutaxassislar yaqinlashayotgan Nomzodlar turniri oldidan Fabiano Karuanani asosiy favorit sifatida ko‘rsatyapti. Lekin “favorit” degan yorliq bir tomondan maqtov bo‘lsa, ikkinchi tomondan — bosim. Karuananing o‘zi esa bu haqda hech qanday aylanma gap qilmadi: uningcha, Nomzodlarga kelsang, yagona maqsad — yutish.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi Nomzodlar bilan solishtirganda hozir ishtirokchilar o‘rtasida tayyorgarlik darajasi bo‘yicha farq ancha qisqargan. Deyarli hamma bir xil yuqori saviyada. Shuning uchun endi taqdirni “kim ko‘proq tayyorlandi” emas, boshqa mayda-mayda omillar hal qiladi: forma, asab, bir-ikki pozitsiyadagi aniqlik, vaziyatni o‘qish, xatoni kechirmaydigan paytlar.

Karuana raqiblariga to‘xtalar ekan, har birini alohida taroziga soldi — kimda potensial katta, kim xavfli “spoyler”, kim esa turnirga ta’sir qilsa-da, chempionlikda shansi torroq.

Raqiblar haqida Karuananing fikrlari

Praggnanandha

Karuana uni juda yuqori baholaydi. Oxirgi olti oy u uchun eng omadli davr bo‘lmaganini tan olsa-da, o‘tgan yilgi yirik TOP-turnirlardagi g‘alabalar uning haqiqiy kuchini ko‘rsatganini aytadi. Karuana uchun “katta turnirdagi natija” joriy reytingdan ham muhimroq.

Anish Giri

“Juda chuqur fikrlaydigan, strategik jihatdan kuchli shaxmatchi” — degan mazmunda ta’rif beradi. Lekin Karuanani bir savol qiynaydi: Giri turnirni yutish uchun yetarlicha ko‘p partiyada g‘alaba chiqara oladimi? Uning imkoniyatini Karuana Vey Idan bir oz yuqori, Praggdan pastroq deb ko‘radi.

Vey I

Uni baholash qiyin, deydi Karuana. Ba’zida o‘yini juda aniq va “idealga yaqin” ko‘rinadi, ammo katta-katta turnir g‘alabalari ko‘p emasligi savol tug‘diradi.

Yesipenko

Karuana uning o‘yiniga hurmat bilan qaraydi, lekin reyting va yirik sovrinlar nuqtayi nazaridan “asosiy favorit” deyish og‘irligini aytadi. Shunga qaramay, uni o‘ta xavfli deb hisoblaydi: ehtimol o‘zi turnirni yutmas, ammo boshqalarning natijasiga qattiq ta’sir qilib yuborishi mumkin.

Blyubaum

Bu yerda ham “spoyler” ssenariysi: yaxshi chiqib qolishi mumkin, ammo turnirni yutish ehtimoli cheklangan. Karuana obektiv qaraganda, g‘alaba shansi bo‘yicha uni pastroq o‘ringa qo‘yishini yashirmaydi.

Sindarov

Karuana uchun eng qiziq va eng xavfli nomlardan biri. Uningcha, Sindarov haqiqatdan ham turnirni yutoladi: xavfli, hujumkor va “qotil instinkti” bor. Tajribasi kamligiga qaramay, Karuana buni har doim ham minus deb bilmaydi: o‘zi birinchi Nomzodlarda katta tajribasiz bo‘lsa ham, birinchi o‘rin uchun kurashganini eslab o‘tadi. Hozirgi formaga qarab, Sindarovning imkoniyatini Giri bilan bir darajada yoki sal yuqoriroq qo‘yadi.

Xikaru Nakamura

Karuana Nakamurani Pragg bilan bir pog‘onaga qo‘yadi: u qanday qilib turnir yutishni biladi, eng tajribali ishtirokchilardan. Oxirgi safar ham so‘nggi turda Gukeshga qarshi hal qiluvchi imkoniyatga yaqin kelganini eslatadi. Xulosa bitta: Nakamura ham bemalol chempion bo‘lib ketishi mumkin.

Yakunda Karuananing kayfiyati aniq: “favorit” deyishsa ham, o‘ziga ertak aytmaydi — oson bo‘lmasligini tan oladi. Lekin baribir o‘sha klassik mentalitetda: Nomzodga keldingmi, gap bitta — g‘alaba uchun oxirigacha kurash.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Karuana "Nomzodlar" turnirida qatnashuvchi raqiblarni qanday baholadi?