Real Madrid klubi 124 yoshga to’ldi

Bugun futbol olamidagi eng buyuk va muvaffaqiyatli jamoalardan biri bo'lgan "Real Madrid" o'zining 124 yillik yubileyini nishonlamoqda. Madridliklar nafaqat Ispaniya, balki butun dunyo futboli tarixida o'chmas iz qoldirgan klub hisoblanadi. Ushbu sana klub muxlislari uchun chinakam bayramdir. Bu haqda sports.ru xabar beradi.
"Real Madrid" o'z tarixi davomida ko'plab rekordlarni yangilagan. Ular Chempionlar ligasi va Ispaniya chempionatida eng ko'p g'olib chiqqan jamoa bo'lish bilan birga, XX asrning eng yaxshi klubi deb ham e'tirof etilgan. Ayniqsa, 2014 yildan 2024 yilgacha bo'lgan davr klub uchun oltin davr bo'ldi. Bu vaqt oralig'ida jamoa 6 marta Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo'lga kiritdi. Shuningdek, 2016 yildan 2018 yilgacha ketma ket uch marta Yevropa taxtiga o'tirgan jamoa futbol tarixida tengsiz natija qayd etdi.
Klub afsonasi Alfredo Di Stefano aytganidek, "Real Madrid" bu shunchaki jamoa emas, balki alohida bir tuyg'u. Bu klubni shunchaki kuzatish emas, uni yurakdan his qilish kerak. Dunyo bo'ylab millionlab muxlislarni birlashtirib turgan ushbu fenomen o'zining buyuk an'analarini davom ettirmoqda. Bugungi kunda klub rivojiga hissa qo'shgan barcha insonlar, murabbiylar va futbolchilar ushbu muvaffaqiyatlarning asosiy ijodkorlaridir.
"Real Madrid" kelajakda ham yangi cho'qqilarni zabt etishda davom etishiga shubha yo'q. Klub o'zining boy tarixi va g'oliblik ruhi bilan hamon futbol olamining markazida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!