Bishkekda katta jang: Hasanboy Do‘smatov WBA kamar uchun ringga chiqadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Hasanboy Do'smatov 17–19 aprel kunlari Bishkekda 50 kg vazn toifasida WBA vaqtinchalik chempionlik kamari uchun Jonatan Gonzalezga qarshi ringga chiqadi.
- WBA reytingida 6-o'rinni egallab turgan Do'smatov professional faoliyatida 7 ta jang o'tkazib, barchasida g'alaba qozongan, shulardan 5 tasi nokaut bilan yakunlangan.
- Gonzalezning rekordi 29-4-1 bo'lib, u 14 ta nokaut qayd etgan.
17–19 aprel kunlari Qirg‘izistonning Bishkek shahri professional boks muxlislari uchun haqiqiy bayramga aylanadi. Shu kunlari bu yerda katta boks oqshomi tashkil etiladi va eng qiziq jihati — unda charm qo‘lqop ustamiz, WBA reytingida 6-o‘rinni egallab turgan Hasanboy Do‘smatov ham ringga ko‘tariladi.
50 kg vazn toifasida Do‘smatov WBA vaqtinchalik chempionlik kamari uchun puyerto-rikolik tajribali raqib — Jonatan Gonzalezga qarshi jang qiladi. Hasanboyning rekordi hozircha juda chiroyli: 7 ta jang — 7 ta g‘alaba, shulardan 5 tasi nokaut bilan. Gonzalez esa ko‘pni ko‘rgan bokschi: 29-4-1 va 14 ta nokaut qayd etgan.
Bu to‘qnashuv muxlislar uchun ikki tomonlama qiziq: bir tarafda — g‘alaba seriyasida kelayotgan, tezlik va texnikasi bilan ajralib turadigan Hasanboy, ikkinchi tarafda — tajribasi baland, bosimli janglarda ham o‘zini yo‘qotmaydigan Gonzalez. Vaqtinchalik kamar uchun kurash esa har doim alohida kayfiyat: bu jangda “sinov” emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri maqsad bor.
Ma’lumot o‘rnida, Do‘smatov oxirgi marta 2025 yil 20 iyul kuni ringga chiqqan. U o‘shanda Mark Antonioga qarshi bahs olib borib, yakunda hakamlarning yakdil qarori bilan g‘alaba qozongan edi. Demak, Hasanboy endi navbatdagi bosqichga — kamarli jangga tayyorlanyapti.
Qisqasi, Bishkekdagi boks oqshomi biz uchun alohida ahamiyatga ega: Hasanboy Do‘smatovning bu jangi nafaqat vaqtinchalik chempionlik kamari, balki uning katta chempionlik yo‘lidagi eng muhim qadamlaridan biri bo‘lishi mumkin. Muxlislar esa bitta narsani kutayapti: ringda o‘zbek maktabi yana bir bor o‘z so‘zini aytsin.































Izohlar 0
…