"Real Madrid" "Betis" bilan durang o'ynab chempionlikdan deyarli mahrum bo'ldi

"Real Madrid" bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Ispaniya chempionatining navbatdagi turida "Real Betis"ga qarshi kechgan bahsdagi hakamlikdan norozi bo'ldi. Juma oqshomida o'tkazilgan uchrashuvda madridliklar g'alabani qo'ldan chiqarib, muhim ochkolarni yo'qotishdi. Bu natija jamoaning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlarini keskin kamaytirib yubordi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
O'yinning 94-daqiqasida mezbonlar vakili Ektor Belyerin hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'ldi. Biroq gol urilishidan bir necha soniya avval "Manchester Yunayted"ning sobiq a'zosi Antoni himoyachi Ferland Mendini yiqitgan edi. "Real Madrid" futbolchilari hakamdan ushbu vaziyatni ko'rib chiqishni talab qilishdi, ammo gol inobatga olindi.

Uchrashuvdan so'ng Arbeloa hakamlar va VAR tizimi xodimlarini tanqid ostiga oldi. Uning ta'kidlashicha, gol urilishidan oldin Mendiga nisbatan aniq qo'pollik ishlatilgan. Murabbiy bu kabi qarorlarni qabul qiladigan insonlar futbolni tushunishi kerakligini aytib, o'z noroziligini bildirdi.
Ushbu durangdan keyin "Real Madrid" peshqadam "Barselona"dan 8 ochko ortda qolmoqda. Agar kataloniyaliklar navbatdagi o'yinda g'alaba qozonsa, farq 11 ochkoga yetishi mumkin. Mavsum yakunlanishiga 5 ta tur qolgan bir vaziyatda Arbeloa shogirdlari uchun chempionlik masalasi deyarli yopildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!