Bavariya Khvicha Kvaratskheliyaning ukasiga qiziqish bildirmoqda

Yevropa futbolida Kvaratskhelia familiyasi Khvichaning Napoli va Paris Saint-Germain safidagi muvaffaqiyatlari tufayli yaxshi tanilgan bo‘lsa, endilikda uning ukasi Tornike Kvaratskhelia ham katta e’tibor markaziga tushmoqda. 16 yoshli hujumchi Germaniyaning Bavariya klubi nishoniga aylandi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
LaGazzetta.ge xabariga ko‘ra, yosh iqtidor egasi allaqachon Myunxenga tashrif buyurib, klub rahbariyati bilan uchrashgan. Ushbu tashrif tanishuv xarakteriga ega bo‘lib, nemis klubi o‘z loyihasini futbolchiga taqdim etish va uni boshqa raqobatchilardan oldinroq o‘z safiga qo‘shib olishni maqsad qilgan.
Tornike yaqindagina Dinamo Tbilisi asosiy tarkibiga jalb etilib, Erovnuli Liga doirasidagi Dinamo Batumi bilan bahsda qaydnomadan o‘rin olgan edi. Mazkur o‘yin yakunlanishi bilan yosh futbolchi Germaniyaga yo‘l oldi.
Bavariya Sharqiy Yevropadagi skautlik faoliyatini kuchaytirmoqda va Tornike klub yoshlar akademiyasi uchun asosiy maqsad sifatida ko‘rilmoqda. Ayni damda uning akasi Khvicha Chempionlar ligasi bahslariga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lsa, Tornike o‘zining katta futbol sari ilk qadamlarini tashlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!