Inter Italiya kubogini qo‘lga kiritib, mavsumni dubl bilan yakunladi

Inter Rimdagi Stadio Olimpiko stadionida kechgan Italiya kubogi finalida Latsio ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, 16 yillik tanaffusdan so‘ng ichki chempionatda dubl qayd etdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limida ustunlik qilgan milanliklar o‘z tarixidagi 10-kubokni qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvdagi hisob Latsio himoyachisi Adam Marusicning avtogoli evaziga ochildi. Keyinchalik Denzel Dumfriesning faol harakatlaridan so‘ng Lautaro Martinez ikkinchi golni urib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi. Bu natija bilan Inter Italiya kubogida 10 ta sovrin jamg‘argan Yuventusdan keyingi ikkinchi klubga aylandi.
Jamoa sardori Lautaro Martinez bosh murabbiy Cristian Chivuning mehnatini yuqori baholab, unga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng jamoa o‘ziga kelib, ajoyib o‘yin ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi.
Jarohat sabab mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborgan Denzel Dumfries finalning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Niderlandiyalik futbolchi Lautaroning goliga assistentlik qilib, jamoaning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!