Scolari nima uchun Oltin toʻp soʻrovnomalarida Lionel Messi uchun ovoz bermagan?

Portugaliya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Luiz Felipe Scolari Cristiano Ronaldo va Lionel Messi oʻrtasidagi abadiy raqobat haqida toʻxtalib, nima uchun doim portugaliyalik yulduzni tanlaganini oʻziga xos tarzda tushuntirib berdi. Scolari 2003-yildan 2008-yilgacha Portugaliya terma jamoasini boshqargan davrida Ronaldo bilan nafaqat professional, balki ota-oʻgʻil kabi yaqin munosabat oʻrnatganini taʼkidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Scolari "Abre Aspas" dasturiga bergan intervyusida Lionel Messi bilan boʻlgan qiziqarli suhbatni esladi. "Messi menga: 'Murabbiy, siz Oltin toʻp uchun hech qachon menga ovoz bermagansiz, doim Cristianoni tanlagansiz', dedi. Men esa unga: 'Men Cristianoga ovoz berishim kerak, u men uchun oʻgʻlimdek gap', deb javob berdim. Messi — tugʻma daho. U koʻzlarini yumsa ham toʻp qayerdaligini biladi. Cristiano esa daho boʻlib tugʻilmagan, u oʻz irodasi va mehnatsevarligi bilan daho darajasiga koʻtarilgan", — deydi braziliyalik mutaxassis.
Murabbiy Ronaldoning Manchester Yunayteddagi ilk yillarida namoyon etgan oʻta kuchli mehnatsevarligini ham yodga oldi. Scolarining aytishicha, oʻsha paytlarda Sir Alex Ferguson unga tez-tez qoʻngʻiroq qilib, yosh hujumchining mashgʻulotlarda oʻzini haddan tashqari toliqtirib yuborayotganidan xavotir bildirgan. Ferguson: "Scolari, unga ayt, bugun jarima zarbalarini mashq qilmasin, u bu yerda allaqachon 30 marta tepib boʻldi", deb aytardi. Ammo Cristiano terma jamoaga kelib ham yana qoʻshimcha mashq qilishni toʻxtatmas edi.
Shuningdek, Scolari Cristiano Ronaldo faoliyati davomida 1000 ta gol urish marrasini zabt etishiga ishonishini bildirdi. U bir yil avval futbolchi bilan uchrashganida bu haqda soʻraganini va Ronaldoning kamtarlik bilan rad etishiga qaramay, uning koʻzlarida ushbu maqsadga boʻlgan intilishni koʻrganini aytdi.
Suhbat davomida Scolari Ronaldoning otasi Dinis Aveiro vafot etganida bu xabarni futbolchiga qanday yetkazgani haqidagi hissiyotli xotirani ham soʻzlab berdi. Moskvadagi muhim oʻyin oldidan sodir boʻlgan ushbu voqeada Ronaldo uyiga ketish imkoniyati boʻlsa-da, terma jamoa uchun maydonga tushishni afzal koʻrgan. Aynan shu voqea murabbiy va futbolchi oʻrtasidagi doʻstlikni yanada mustahkamlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!