Lionel Messi jarohatdan qutulib qoldi: Argentina xotirjam bo‘lishi mumkin

Argentina terma jamoasi va uning muxlislari yengil nafas olishlari mumkin: yulduzli hujumchi Lionel Messi Jahon chempionati boshlanishiga uch hafta qolganida jiddiy jarohatdan qutulib qoldi. Inter Miami klubi dastlabki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, futbolchining chap son mushaklari cho‘zilganini ma’lum qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
38 yoshli futbolchining maydonga qaytish muddati uning klinik va funksional tiklanish jarayoniga bog‘liq bo‘ladi. Argentinaning La Nación nashri va boshqa OAV xabarlariga ko‘ra, sakkiz karra "Oltin to‘p" sohibi tiklanishi uchun taxminan o‘n kun vaqt kerak bo‘ladi.
MLS chempionatidagi tanaffus oldidan o‘tkazilgan so‘nggi uchrashuvda Inter Miami jamoasi Philadelphia Union ustidan 6:4 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yinning 73-daqiqasida Lionel Messi kutilmaganda chap sonini ushlagan holda zaxiraga olinishini so‘radi va maydonni tark etdi.
"U juda charchagan edi. Maydon og‘ir edi, shuning uchun ortiqcha charchoq va xavfni oldini olish maqsadida uni almashtirishga qaror qildik", — deya vaziyatga izoh berdi Miami jamoasining argentinalik murabbiyi Guillermo Hoyos.
Amaldagi jahon chempionlarining turnirdagi ilk o‘yini 16-iyun kuni Kanzas-Siti shahrida Jazoir terma jamoasiga qarshi bo‘lib o‘tadi. Argentina hozircha o‘zining yakuniy tarkibini e’lon qilmagan, 39 yoshga to‘layotgan Lionel Messi esa oltinchi bor Jahon chempionatida ishtirok etishi borasida yakuniy qarorini aytgani yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!