Dejan Kulusevski jarohatidan soʻng yana maydonga qaytadimi?

Shvetsiya terma jamoasi shifokori Tottenxem va milliy terma jamoa yulduzi Dejan Kulusevski haqida yangi maʼlumotlarni taqdim etdi. Futbolchi bir yildan beri jarohati sababli maydonga tusha olmayotgan boʻlsa-da, tibbiy shtab uning faoliyatini davom ettirishi borasida ijobiy prognozlar bermoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Kulusevski 2025-26-yilgi mavsumni toʻliq oʻtkazib yuborganiga qaramay, uning asosiy eʼtibori endi 2026-27-yilgi klub mavsumiga qaratilgan. Hujumchi Tottenxem safida Roberto De Zerbi qoʻl ostida ishlashga tayyorlanmoqda. Terma jamoa shifokori Jonas Werner sobiq Yuventus aʼzosining uzoq muddatli istiqbollariga ishonch bildirdi.
“U umidini uzmaydi”, dedi Werner Sportbladet nashriga bergan intervyusida. “Klub va reabilitatsiya jarayonida yordam berayotgan mutaxassislar unga katta koʻmak berishmoqda. Men uning yana futbol oʻynashiga katta umid bogʻlayapman”. Kulusevski tizzasidagi jiddiy jarohat sababli Shimoliy Amerikada oʻtadigan Jahon chempionatini ham oʻtkazib yuboradigan boʻldi.
Hujumchi 2025-yilning may oyidan beri rasmiy oʻyinlarda ishtirok etmadi. Dastlab Ange Postecoglou bu jarohatni unchalik jiddiy emas deb baholagan edi, biroq keyinchalik vaziyat murakkablashib, bir nechta jarrohlik amaliyotlarini talab qildi. Shvetsiya terma jamoasi ustozi Graham Potter ham futbolchini qaydnomadan chiqarish juda qiyin qaror boʻlganini tan oldi.
Doktor Wernerning tushuntirishicha, 26 yoshli vingerning tiklanish jarayoni murakkab kechmoqda. “Bu uzoq davom etgan hikoya. Dejan Jahon chempionatiga tayyor boʻlish uchun hamma narsani qildi, biroq yakunda tibbiy xulosalar uning hali tayyor emasligini koʻrsatdi. Bir yildan ortiq vaqt davomida oʻyin amaliyotisiz qolish oʻz soʻzini aytdi”, deya qoʻshimcha qildi shifokor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!