Germaniya terma jamoasi va Bavariya yulduzi JCh oldidan jiddiy jarohat oldi

Germaniya terma jamoasining Jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayoniga jiddiy zarba berildi. Bavariya klubining 18 yoshli iqtidorli hujumchisi Lennart Karl mashgʻulot paytida olgan jarohati sababli turnirni oʻtkazib yuboradigan boʻldi. Yosh yulduz mashgʻulotlarning soʻnggi bosqichida sonidan qattiq jarohat olgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Julian Nagelsmann ushbu yoʻqotishdan soʻng tarkibga shoshilinch ravishda oʻzgartirish kiritishga majbur boʻldi. Lennart Karl oʻrniga RB Leypsig jamoasining 20 yoshli universal futbolchisi Assan Ouedraogo chaqirildi. Karl yaqinda Finlyandiyaga qarshi kechgan oʻrtoqlik uchrashuvida (4:0) golli uzatmani amalga oshirib, oʻzining yuqori sport formasida ekanini koʻrsatgan edi.
Julian Nagelsmann yosh futbolchining jarohati butun jamoa uchun kutilmagan zarba boʻlganini taʼkidladi. "Lenny uchun juda afsusdaman. Bu u va barchamiz uchun katta shok boʻldi. U hali yosh va oldinda koʻplab turnirlar kutayotgani biroz tasalli beradi, xolos. Assan Ouedraogo ham Lenny kabi iqtidorli va biz uning jasoratli oʻyin koʻrsatishini kutamiz", — dedi murabbiy.
Lennart Karl oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ushbu holat boʻyicha hissiyotlari bilan oʻrtoqlashdi. "Bunday yirik turnirni oʻtkazib yuborish soʻz bilan taʼriflab boʻlmas darajada ogʻriqli. Men JChda qatnashish uchun qoʻlimdan kelgan barcha ishni qilgan edim. Afsuski, jarohatlar eng noqulay vaqtda sodir boʻladi. Jamoamga omad tilayman va ularni har daqiqa qoʻllab-quvvatlayman", — deb yozdi futbolchi.





























Izohlar 0
…