JCH-2026: Portugaliya terma jamoasi atrofida katta mojaro kelib chiqdi

JCH-2026:  Portugaliya terma jamoasi atrofida katta mojaro kelib chiqdi

Jahon chempionati guruh bosqichining ilk turida Kongo DR bilan qayd etilgan kutilmagan durang (1:1) Portugaliya milliy terma jamoasi atrofidagi vaziyatni ancha keskinlashtirib yubordi. Ayni paytda jamoa lagerida ijtimoiy tarmoqlardagi mojarolar va ichki bosim tufayli notinch muhit yuzaga kelgan.

Feyk skrinshot va Jorjina Rodrigesning xatosi

Muvaffaqiyatsiz o‘yindan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda jamoa yarimhimoyachisi Joau Neveshning sevgilisi Madalen Aragaoga tegishli ekani aytilgan soxta (feyk) yozishma virus kabi tarqaldi.

Ushbu soxta suhbatda foydalanuvchilardan biri Aragaoning posti ostida shunday yozgan:

«Boyfrending – ahmoq. Unga to‘pni barcha zamonlarning eng kuchli futbolchisi Krishtianu Ronalduga uzatish kerakligini ayt».

Feyk skrinshotda Aragao go‘yoki unga javoban:

«O‘z yetakchingga faoliyatini yakunlashi kerakligini ayt. U juda xudbin», — deya munosabat bildirgan.

OAVning surishtiruvlariga ko‘ra, aslida bunday suhbat umuman bo‘lmagan va rasm fotoshop yoki sun’iy intellekt yordamida yasalgan. Ammo bir qator yirik nashrlar, jumladan mashhur Record Mexico akkaunti ushbu yolg‘on ma’lumotni haqiqiy sifatida tarqatib yubordi.

Vaziyatni yanada jiddiylashtirgan jihat shundaki, bu postni Ronalduning qallig‘i Jorjina Rodriges ko‘rib qolib, uning ostida kinoyali fikr qoldirdi: «Vau! Yangi avlod ajoyib!»

Shundan so‘ng Ronalduning minglab ashaddiy muxlislari Joau Nevesh va uning sevgilisining Instagramdagi sahifalariga kirib, ommaviy ruhiy hujumlarni boshlab yuborishdi. Boshqa tarafdan esa, yolg‘on skrinshotga ishonib qolgan Jorjinaning o‘zi ham tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kulgi ostiga olindi.

Oilaviy bosim: Katya Aveyruning tanqidi

Bu mojarodan biroz oldin Krishtianu Ronalduning singlisi Katya Aveyru ham Portugaliya terma jamoasi yarimhimoyachisi Brunu Fernandeshni passiv o‘yinda ayblab chiqqan edi. Bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda terma jamoa a’zolariga nisbatan salbiy munosabatni yanada kuchaytirdi va futbolchilarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekiston bilan o‘yin oldidan notinch muhit

Umuman olganda, 23 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadigan Portugaliya lagerida hozir ichki xotirjamlik yo‘q. Bosim ostida qolgan raqibning aynan mana shunday ruhiy nobarqarorligidan Fabio Kannavaro shogirdlari bo‘lajak muhim bahsda unumli foydalanib qolishlari mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar