Londonda bugun “Oltin to‘p” sohiblari e’lon qilinadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bugun, 26 oktyabr kuni London shahridagi London Palladium teatrida 2026 yilgi «Oltin to‘p» taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
- Nufuzli mukofot ta’sis etilganining 70 yilligi munosabati bilan tadbir ilk bor Buyuk Britaniya poytaxtida tashkil etilmoqda.
- Marosimni Terri Anri va Keyt Skott olib boradi, qizil gilam marosimi Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da, asosiy taqdirlash esa 27 oktyabr kuni soat 01:00 da boshlanadi.
Bugun, 26 oktyabr kuni 2026 yilgi «Oltin to‘p» taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Tantanali tadbir London shahridagi London Palladium teatrida tashkil etiladi. Bu yil futbol olamidagi nufuzli individual mukofot ta’sis etilganiga 70 yil to‘ldi.
Marosim tarixda ilk bor Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tkaziladi. London mezbon shahar sifatida mukofotning ilk sohibi, angliyalik futbolchi ser Stenli Mettyus sharafiga tanlangan.
Tadbirni Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Terri Anri va sport boshlovchisi Keyt Skott olib boradi. Qizil gilam marosimi Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da boshlanadi. Asosiy taqdirlash marosimi esa 27 oktyabr kuni soat 01:00 da start oladi. Bu haqdagi ma’lumotlar UEFA va mukofotning rasmiy saytida e’lon qilingan.
Kecha davomida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi «Oltin to‘p» sohiblari, eng yaxshi yosh futbolchilar, darvozabonlar, murabbiylar, hujumchilar hamda yilning eng yaxshi klublari aniqlanadi. Shuningdek, jamiyatdagi muhim tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan futbolchilarga topshiriladigan Sokrat mukofoti ham o‘z egasini topadi.
Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi sovrini uchun Kerim Alaybegovich, Ayyub Buaaddi, Pau Kubarsi, Yan Diomande, Lennart Karl, Eli Junior Krupi, Lamin Yamal, Yoxan Manzambi, Ibrohim Maza va Uorren Zair-Emeri nomzodlar qatoriga kiritilgan.
Erkaklar o‘rtasida yilning eng yaxshi murabbiyi sovriniga Mikel Arteta, Luis de la Fuente, Unai Emeri, Vensan Kompani va Luis Enrike da’vogarlik qiladi.
Kechaning asosiy sovrini — erkaklar o‘rtasidagi «Oltin to‘p-2026» uchun esa 30 nafar futbolchi nomzod sifatida ko‘rsatilgan. Ular orasida Jud Bellingem, Usmon Dembele, Erling Holand, Garri Keyn, Lamin Yamal, Kilian Mbappe, Lionel Messi, Rodri va Vinisius Junior kabi yulduzlar bor.

2025 yilda erkaklar o‘rtasidagi «Oltin to‘p»ni Usmon Dembele, ayollar o‘rtasidagi mukofotni esa Aytana Bonmati qo‘lga kiritgan edi. Bu yilgi g‘oliblar Londondagi marosimda ma’lum bo‘ladi.






























Izohlar 0
…