Oltin toʻp Angliyaga koʻchmoqda: 2026-yilgi marosim Londonda oʻtkaziladi

Futbol olami diqqat markazi Angliyaga koʻchmoqda. UEFA 2026-yilgi "Oltin toʻp" (Ballon d'Or) topshirish marosimi rasman Londonda oʻtkazilishini tasdiqladi. Ushbu nufuzli mukofot tarixida ilk bor tantanali gala-kecha ingliz tuprogʻida tashkil etiladi va bu poytaxt uchun tarixiy voqeaga aylanadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
UEFA va France Football nashri tomonidan eʼlon qilingan rasmiy bayonotga koʻra, mukofotning 70-yillik yubiley nashri 2026-yil 26-oktabr kuni boʻlib oʻtadi. Tashkilotchilar ushbu qarorni mukofotning ilk gʻolibi, afsonaviy ingliz futbolchisi Sir Stanley Matthews xotirasiga hurmat bajo keltirish bilan izohlashdi. Bu qadam tadbirni yanada globallashtirish va yangi avlod muxlislari uchun zamonaviylashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
2026-yilgi poyga hozirdanoq qizgʻin tus olmoqda. Erkaklar oʻrtasida amaldagi gʻolib, PSJ hujumchisi Ousmane Dembele oʻz taxtini himoya qilishga urinadi. Uning asosiy raqiblari sifatida Bavariya safida fantastik mavsum oʻtkazgan Harry Kane va oʻtgan yilgi soʻrovnomada ikkinchi oʻrinni egallagan Barselona yulduzi Lamine Yamal koʻrilmoqda. Harry Kane oʻz uyida oʻtadigan marosimda gʻalaba qozonish uchun bor kuchini ishga solishi aniq.
Harry Kane yakunlangan mavsumda Bavariya tarkibida barcha musobaqalarda 51 ta oʻyinda maydonga tushib, 61 ta gol va 7 ta assist qayd etdi. U Germaniya Bundesligasi va kubogini qoʻlga kiritish bilan birga, Yevropa "Oltin butsa"siga ham ega chiqdi. Lamine Yamal esa Barselona bilan La Liga chempionligini nishonlab, 45 oʻyinda 24 ta gol va 18 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
London mezbonlik qiladigan ushbu tadbir UEFA va France Football egalari boʻlmish Group Amaury oʻrtasidagi strategik hamkorlikning uchinchi yili boʻladi. Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, marosimni futbolning yirik markazlarida oʻtkazish strategiyasi "Oltin toʻp"ning global nufuzini yanada mustahkamlaydi va uni dunyodagi eng koʻp tomosha qilinadigan sport tadbiriga aylantiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!