10:04 / 22.08.2020
3 516

Eldor Shomurodovga Belgiya va Qatardan jiddiy taklif bo‘lgan

Eldor Shomurodovga Belgiya va Qatardan jiddiy taklif bo‘lgan
Rossiya chempionatida to‘p surayotgan hujumchimiz Eldor Shomurodov xususida rus matbuoti ham, o‘zbek matbuoti ham yetarlicha yozmoqda. Chunki o‘tgan mavsumda to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatib, keyinchalik gol urishni unutib yuborganligi sababli bu borada turli fikrlar va munosabatlar aytilmoqda.

Kuzatayotgan bo‘lsangiz, “Rostov”dagi hamyurtimiz haqida bir qator o‘zimizdagi va Rossiyadagi mutaxassislar ham shaxsiy xulosalarini bildirishmoqda. Lekin uning hozirgi holatini oila-a’zolari, yaqinlari boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilishadi.

Eldor esa Shomurodovlar sulolasining vakili, chunki u futbolchilar oilasidan chiqqan. Uning amakisi Otabek Shomurodovni ishqibozlarimiz yaxshi eslashsa kerak. Ayniqsa, “Neftchi”dagi o‘yinlari orqali tanilgan va O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham to‘p surgan. Eldor esa ushbu amakisi bilan ham ko‘p maslahatlashadi va uning yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladi.

Shuni hisobga olgan holda, Otabek Shomurodov “Rostov”da to‘p surayotgan jiyanining nega gol urmay qo‘ygani, “Rostov”dagi faoliyati, keyingi rejalari kabi qator muhim masalalar bo‘yicha sports.uz muxbiriga quyidagilarni gapirdi.

“Karantinda 14 kunlab bir xonada qolish futbolchiga ta’sir ko‘rsatadi”
- Karantin sababli “Rostov” tuzuk-quruq shug‘ullana olmadi, - deya gap boshladi, Otabek Shomurodov. - Uch oy futboldan uzoqda bo‘lishdi, 14 kunlab bir xonada qolishdi. Bunday holatlarning baribir futbolchilarga ta’siri bo‘ladi-da. Mana, yangi mavsum ham boshlandi, o‘yindan-o‘yinga Eldor ham sport formasini yaxshilab boradi va gollar ham keladi. Hali ko‘p gollar uradi. Uning gol urmay qo‘yganiga asosiy sabab karantin deb hisoblayman. Agar futbolchi bir hafta mashg‘ulot o‘tkazmasa sport formasiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. O‘yinsiz albatta ularga qiyin edi.

“Eldorning o‘yinida pasayish bo‘lgan”
- Ha, o‘yinida pasayish bo‘lganligi haqidagi fikrlarga qo‘shilaman. Aytyapman-ku, yana avvalgidek sport formasiga kirib olsa, uni to‘xtatish qiyin bo‘ladi. O‘tgan yili “Rostov” kuchli yig‘inlarni tashkil qilgandi. Masalan, Ispaniyada tayyorgarlik ko‘rib kelishgandi. Lekin hozir ularda pasayish bor.

“U o‘zini yaxshi his qilyapti”
- Uning ruhiyati bilan bog‘liq hech qanaqa muammo bo‘lmayapti. Xudoga shukr, kayfiyati yaxshi. Xarakteri ham joyida. Tushkunlikka tushib qolayotgani yo‘q. Eldor bilan gaplashib turibmiz. Klubda o‘zini yaxshi his qilmoqda. Agar bitta gol urib olsa, u yog‘iga yana golli seriyalarini davom ettiradi deb o‘ylayapman.

“U ketishi kerak, ammo “Rostov” Shomurodovni qo‘yib yuborgisi kelmayapti”
- Uni klubdan ketishi haqidagi gaplar chiqyapti. Lekin “Rostov” hali qo‘yib yuborgisi kelmayapti. Eldorning oldida qator variantlar bor. Balki agentlari klubini ko‘ndira olsa, balki ketishi mumkin. Mening shaxsiy fikrim bo‘yicha ham Eldor endi “Rostov”dan ketishi kerak. O‘zini yanada kuchliroq chempionatda sinab ko‘rishini istayman. O‘zi esa bunday ishlar bilan shug‘ullanmaydi, hammasini agentlari hal qilishadi. Yevropada transfer oynasi sentabr-oktabr oylarida ochiladi deyishyapti. Boya aytdim-ku, “Rostov” Shomurodovni qo‘yib yuborishni xohlamayapti. Vaholanki, klubning o‘ziga ham boshqa jamoalardan takliflar tushyapti, ammo “Rostov” barchasiga rad javobini beryapti. Bilasizmi, Rossiya klublaridan ham takliflar bo‘lgan. Biroq Eldorning o‘zi Rossiyada o‘ynamoqchi bo‘lsa, faqat “Rostov”da to‘p suraman degan.

“Genk” aniq taklif bilan chiqqan”
- Belgiyaning “Genk” klubidan aniq taklif bo‘ldi. Ular rasmiy taklif bilan “Rostov” klubiga chiqishgan. Shuningdek, Eldorga Qatardan ham jiddiy qiziqish bo‘lgan, ammo qaysi klubidan taklif bo‘lganligini bilmadim. To‘g‘ri, yana boshqalar ko‘z tikishyapti. Lekin qiziqish bildirish boshqa, rasmiy taklif bilan murojaat qilish boshqa. Bunisi yoki unisi qiziqyapti, degan gap-so‘z ko‘p. Biroq barchasi bekor gap. Hamma ham qiziqish bildiraveradi, lekin aniq taklif bilan “Genk” klubi chiqqanini bilaman. Balki jiyanimga yana boshqa takliflar ham bo‘lgandir.

“Eldorni Germaniyaga ketgani yaxshiroq deb o‘ylayman”
- Eldorni Germaniya bundesligasiga ketgani yaxshiroq deb o‘ylayman, yana o‘zlari bilishadi. Ayniqsa, kuchli beshlik chempionatlaridan birida o‘ynasa yaxshi bo‘lardi. U yerda ham eplab ketardi. Axir kuchli chempionatlarda ham odamlar futbol o‘ynashadi-ku, robotlar emas. Agar u yerda ham eplab ketsa, terma jamoamizga ham yanada kattaroq foydasi tegardi.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovga Belgiya va Qatardan jiddiy taklif bo‘lgan