Ultrahuman xakerlar hujumiga uchradi: foydalanuvchilar maʻlumotlari oʻgʻirlandi

Taqiladigan aqlli qurilmalar ishlab chiqaruvchi Ultrahuman startapi xakerlar kompaniya xodimining kompyuteriga zararli dastur orqali kirib, mijozlarning salomatlik maʻlumotlarini qoʻlga kiritganini maʻlum qildi. Hindistonda asos solingan kompaniya jabrlangan foydalanuvchilarni elektron pochta orqali ogohlantirib, hodisa 27-mart kuni ichki tahliliy tizimlardan birida sodir boʻlganini bildirdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
2019-yilda tashkil etilgan Ultrahuman asosan uyqu, faollik va tiklanish koʻrsatkichlarini kuzatuvchi aqlli uzuklar hamda metabolik salomatlik qurilmalarini sotadi. Kompaniyaning Ring Air va yaqinda taqdim etilgan Ring Pro modellari bozorda Oura Ring kabi brendlar bilan raqobatlashadi. Kompaniya vakillarining TechCrunch nashriga tasdiqlashicha, xakerlar xodimning noutbukidan oʻgʻirlangan login va parollar yordamida tizimga kirishgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, foydalanuvchilarning taxminan 0,1 foizi ushbu hujumdan zarar koʻrgan. Ultrahuman platformasining 700 000 ga yaqin faol foydalanuvchisi borligini hisobga olsa, kamida 700 kishining shaxsiy salomatlik maʻlumotlari begona qoʻllarga tushgan boʻlishi mumkin. Kompaniya aniq sonni ochiqlamagan boʻlsa-da, parollar, toʻlov maʻlumotlari yoki bevosita Ultrahuman Ring qurilmalariga zarar yetmaganini taʻkidlamoqda.
Ultrahuman bosh direktori Mohit Kumar xavfsizlik tizimlari hodisani bir necha soat ichida aniqlaganini va zaiflik darhol bartaraf etilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, foydalanuvchilarni xabardor qilishdagi kechikish hodisaning koʻlamini toʻliq oʻrganish va qaysi turdagi maʻlumotlar sizib chiqqanini aniqlash zarurati bilan bogʻliq boʻlgan.
Ushbu kiberhujum Ultrahuman va Oura kabi salomatlikni kuzatuvchi startaplar foydalanuvchi maʻlumotlarini oʻz serverlarida qanday saqlashi bilan bogʻliq xavflarni yana bir bor kun tartibiga chiqardi. Hozircha xakerlar maʻlumotlarni shunchaki koʻrganmi yoki ularni koʻchirib olganmi (exfiltration), bu borada aniq maʻlumot berilmagan.





























Izohlar 0
…