Chieftec Computex koʻrgazmasida 4 ta videokartaga moʻljallangan The Big One va Vista Max korpuslarini taqdim etdi

Computex 2026 koʻrgazmasida Chieftec kompaniyasi ikkita yangi korpusni namoyish etdi: ATX Tower formatidagi Vista Max (GX-30B-OP) va E-ATX Tower formatidagi The Big One (BA-30B-OP). Birinchi model chiroyli dizayn va samarali sovutish tizimiga yoʻnaltirilgan boʻlsa, ikkinchisi ishchi stansiyalar va server konfiguratsiyalari uchun moʻljallangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Vista Max modeli avvalgi Vista versiyasining kattalashtirilgan varianti boʻlib, u toʻrtta ARGB yoritgichli 140 mm li ventilyatorlar bilan jihozlangan. Qurilmaning oʻziga xos jihati shundaki, unda ikkita sinxronlashtirilgan quvvat tugmasi mavjud — biri old panelda, ikkinchisi esa yuqori qismda joylashgan. Shuningdek, korpusning pastki old qismida burchagi oʻzgaruvchan qoʻshimcha ventilyator oʻrnatish imkoniyati koʻzda tutilgan.
The Big One korpusi esa professional foydalanuvchilar uchun ishlab chiqilgan boʻlib, u E-ATX gacha boʻlgan ona platalarni qoʻllab-quvvatlaydi. Unda bir nechta PCIe kartalari uchun sakkizta kengaytirish uyasi mavjud boʻlib, bu bir vaqtning oʻzida toʻrttagacha videokartani oʻrnatish imkonini beradi. Korpus ichida ogʻir videokartalarni ushlab turish uchun maxsus vertikal tirgak ham oʻrnatilgan.
Ikkala yangi model ham uzunligi 420 mm gacha boʻlgan zamonaviy videokartalarni sigʻdira oladi. The Big One modelining orqa qismida havoni chiqarib yuboruvchi qoʻshimcha ventilyator oʻrnatilgan, biroq u videokarta portlarini qisman toʻsib qoʻyishi mumkin. Ishlab chiqaruvchi The Big One korpusining narxi taxminan 150 yevro atrofida boʻlishini maʼlum qildi.





























Izohlar 0
…