Ray Dalio sunʼiy intellekt bozorida pufak shakllanayotganidan ogohlantirdi

Bridgewater Associates xedj-fondi asoschisi, milliarder Ray Dalio sunʼiy intellekt (AI) bozorining shiddatli oʻsishi investitsion pufak shakllanayotganidan dalolat berishini va u ertami-kechmi yorilishi mumkinligini maʼlum qildi. Bloomberg Television telekanaliga bergan intervyusida Dalio barcha yirik texnologik inqiloblar haddan tashqari investitsiya kiritish davrlari bilan birga kechishini taʼkidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Uning soʻzlariga koʻra, bozor ishtirokchilari murakkab tanlov qarshisida turibdi: yo bozordagi ulushni egallash uchun juda koʻp kapital sarflash, yoki yetarli darajada investitsiya kiritmay, raqobatchilarga imkoniyatni boy berish. Soʻnggi oylarda fond bozorining asosiy drayverlaridan biri AI infratuzilmasiga yoʻnaltirilgan yarimoʻtkazgich ishlab chiqaruvchilari boʻldi. Maʼlumotlar markazlari uchun yuqori unumdorlikka ega chiplarga boʻlgan talab kotirovkalarning rekord darajaga yetishiga va sektorning qizib ketishi borasidagi bahslarga sabab boʻldi.
NVIDIA bosh ijrochi direktori Jensen Huang investorlarning xavotirlariga javoban, AI bozoriga tikilgan sarmoyalar "ekstremal darajada yuqori" daromad keltirayotganini va joriy texnologik sikl barqaror ekanini taʼkidlagan edi. Biroq, Dalio fundamental xavfga eʼtibor qaratmoqda: uning fikricha, pufakning yorilishi kutilmalar real pul oqimlariga aylana boshlagan va bozor kompaniyalarning foyda keltirish salohiyatini qayta baholashga majbur boʻlgan paytda yuz beradi.
Milliarderning taʼkidlashicha, AI sektoridagi joriy dinamika texnologik sikllarning odatiy ssenariysini takrorlashi mumkin, yaʼni shiddatli oʻsish davri texnologiyaning real qiymatiga qaramay, ogʻriqli korreksiya bilan almashadi. Maʼlumot uchun, Ray Dalio 2025-yilda Bridgewater Associates boshqaruvidan butunlay chiqib, oʻz ulushini sotgan va direktorlar kengashini tark etgan.





























Izohlar 0
…