Solidion -80 daraja sovuqda ham ishlaydigan yangi akkumulyatorni taqdim etdi

AQSHning Dallas shahrida joylashgan Solidion Technology kompaniyasi Generation Extreme-Climate Battery (Gen-ECB) deb nomlangan yangi turdagi akkumulyatorlarni namoyish etdi. Ushbu ishlanma asosan koinot sharoitida foydalanishga moʻljallangan boʻlib, sunʼiy yoʻldoshlar, oy infratuzilmasi, boshqariladigan missiyalar va kelajakdagi orbital sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlarini energiya bilan taʼminlashi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gen-ECB loyihasining asosiy gʻoyasi ekstremal sharoitlarda: vakuumda, haroratning keskin oʻzgarishida, radiatsiya taʼsirida va raketa uchirilishi paytidagi kuchli vibratsiyalarda barqaror ishlay oladigan batareya yaratishdan iborat. Yangi akkumulyatorlar litiy-metall elementlari va grafen materiallari asosida ishlab chiqilgan.
Grafen oʻzining yuqori issiqlik oʻtkazuvchanligi va radiatsiyaga chidamliligi tufayli tizimning harorat rejimini yaxshiroq boshqarishga va murakkab muhitda barqarorlikni saqlashga yordam beradi. Maʼlum qilingan texnik xususiyatlarga koʻra, batareya -80 °C dan +60 °C gacha boʻlgan harorat oraligʻida samarali ishlay oladi.
Solidion hozirda uzoq koinotning yanada ogʻir sharoitlari uchun moʻljallangan modifikatsiyalar ustida ham ish olib bormoqda. Potentsial qoʻllanish sohalari qatoriga past orbitali sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlari, oy bazalari va roverlar kiradi. Shu bilan birga, kompaniya energiya zichligi 380 W·soat/kg dan yuqori boʻlgan litiy-metall va litiy-oltingugurtli batareyalar liniyasini ham rivojlantirmoqda.





























Izohlar 0
…