Bugatti ilk bor televizor taqdim etdi: U noodatiy dizaynga ega

Bugatti ilk bor televizor taqdim etdi: U noodatiy dizaynga ega

Bugatti giperkarlar brendi Avstriyaning C SEED kompaniyasi bilan hamkorlikda N1 nomli transformator-televizorni namoyish etdi. Ushbu yangilik eksklyuziv lyuks toifasidagi audiovizual yechim sifatida talqin qilinmoqda va u villalar, yaxtalar hamda elita koʻchmas mulk egalari uchun individual buyurtma asosida ishlab chiqariladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Qurilma dizayni Bugatti Tourbillon giperkaridan ilhomlangan holda yaratilgan. Korpus aviatsiya alyuminiyi va uglerod tolasi (karbon)dan ishlangan boʻlib, avtomobillar olamiga xos boʻlgan mashhur C-Line liniyasi maishiy elektronika olamiga koʻchib oʻtgan. Jan Bugatti tomonidan oʻylab topilgan ushbu silliq chiziq giperkarlar korpusini oʻrab olib, salonni vizual ravishda ajratib turadi.

Yigʻilgan holatda televizor zamonaviy dizaynerlik haykalini eslatadi, biroq tugma bosilgandan soʻng 45 soniya ichida toʻliq ochiladi. Xaridorlarga 4K MicroLED panellari asosidagi 110, 137 va 165 dyuymli versiyalar taklif etiladi. Ekran HDR10+ texnologiyasini qoʻllab-quvvatlaydi va 4000 nitgacha yorqinlikni taʼminlaydi.

Shuningdek, qurilma 180 darajaga burilish imkoniyatiga ega va panellar orasidagi choklarni yashiruvchi maxsus texnologiya bilan jihozlangan. Audio tizim Wisdom Audio dinamiklariga asoslangan boʻlib, ular televizor yoqilganda avtomatik ravishda chiqadi. Har bir nusxa Bugatti avtomobillarining original ranglari, charm qoplamalar va individual yozuvli taxtachalar bilan shaxsiylashtirilishi mumkin.

Rasmiy narx hozircha ochiqlanmagan, biroq C SEED kompaniyasining shunga oʻxshash standart modellari taxminan 400 000 dollar turadi. Bugatti brendi ostidagi versiya esa bundan ham qimmatroq boʻlishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar