Hindiston Rossiyadan 200 tagacha Il-114-300 va SJ-100 samolyotlarini sotib olishi mumkin

Hindiston aviakompaniyalari Rossiyaning yangi avlod Il-114-300 va SJ-100 samolyotlarini xarid qilishga katta qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Birlashgan aviatsiya korporatsiyasi (OAK) rahbari Vadim Badexa TASS agentligiga bergan intervyusida maʻlum qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rossiya ushbu havo kemalarini Wings India koʻrgazmasida namoyish etganidan soʻng, Hindiston tomoni har ikkala modelga boʻlgan ehtiyojini tasdiqlagan. Dastlabki maʻlumotlarga koʻra, gap 100 tadan 200 tagacha samolyot yetkazib berish haqida bormoqda. Badexa Hindiston bozorida bunday turdagi mashinalarga talab juda yuqori ekanini taʻkidladi.
Shuningdek, OAK va Hindistonning HAL kompaniyasi oʻrtasida SJ-100 samolyotlarini litsenziya asosida Hindiston hududida yigʻish boʻyicha kelishuv imzolangan. Mutaxassislarning fikricha, birinchi "Superjet" ishlab chiqarilishi taxminan uch yildan soʻng boshlanishi mumkin. Hindiston va unga qoʻshni davlatlar bozori umumiy hisobda 200–300 ta samolyotga ehtiyoj sezmoqda.
Bundan tashqari, OAK Hindistonning Flamingo Aerospace xususiy kompaniyasi bilan oltita Il-114-300 samolyotini yetkazib berish boʻyicha dastlabki shartnomani imzoladi. Rossiya tomoni Il-114-300 modelini ham Hindistonda mahalliylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda.





























Izohlar 0
…