AQSHda kater va ekranoplan gibridi sinovdan oʻtkazildi: tezlik 130 km/soat

AQSHning Regent kompaniyasi oʻzining Squire deb nomlangan dengiz uchish apparati namoyishchisini sinovdan oʻtkazishni davom ettirmoqda. Kompaniya vakillarining maʼlum qilishicha, qurilma loyihadagi maksimal tezlik — 70 uzelga (taxminan 130 km/soat) erishgan. Endilikda ishlab chiquvchilarning asosiy vazifasi parvoz masofasi va davomiyligini oshirishdan iborat boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Squire apparatini odatiy ekranoplanlar sirasiga kiritib boʻlmaydi. Qurilma harakatlanishda bir vaqtning oʻzida uch xil rejimdan foydalanadi: dastlab u suv ustida oddiy kema kabi suzadi, soʻngra gidrofoillar (suv osti qanotlari) yordamida harakatga oʻtadi va yakunda aerodinamik ekran effektidan foydalanib, suv yuzasiga yaqin balandlikda parvoz rejimiga koʻtariladi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, apparat sakkizta elektr dvigateli bilan jihozlangan va qanotlari kengligi taxminan 5,5 metrni tashkil etadi. U 185 kilometrdan ortiq masofani bosib oʻtishga qodir. Loyiha AQSH Dengiz piyodalari korpusi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda va uning ishlanmalari uchun qariyb 15 million dollar ajratilgan.
Shu bilan birga, Regent kompaniyasi qurilmaning fuqarolik aviatsiyasi uchun moʻljallangan Viceroy versiyasi ustida ham ish olib bormoqda. 12 kishilik ushbu apparat 300 km masofaga uchishi koʻzda tutilgan. Kompaniya xabariga koʻra, ushbu model uchun olingan dastlabki buyurtmalar portfeli hozirning oʻzida 10 milliard dollardan oshib ketgan.





























Izohlar 0
…