Durov: Blokirovkalar Rossiyani raqamli suverenitetdan uzoqlashtirdi

Telegram asoschisi Pavel Durovning taʼkidlashicha, internetdagi cheklovlar va blokirovkalar Rossiyani «raqamli suverenitet» maqsadidan yanada uzoqlashtirdi. Uning soʻzlariga koʻra, smartfonlar uchun yangi operatsion tizim yaratishi mumkin boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar nosogʻlom internet muhiti tufayli mamlakatni ommaviy ravishda tark etmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Durovning fikricha, mustaqil operatsion tizimsiz har qanday «milliy» yoki «xorijiy» ilovalar baribir AQSH nazoratidagi iOS va Android doʻkonlari hamda tizim ichidagi maxfiy yoʻlaklar (backdoors) orqali kuzatuv va senzura uchun ochiqligicha qolaveradi. Amerika operatsion tizimlaridan foydalangan holda ilovalarni almashtirishga urinishni u «mohiyatni oʻzgartirmasdan faqat qadoqni yangilash» deb atadi.
Hozirda Rossiyada Sailfish OS asosidagi «Avrora» hamda Linux bazasidagi «ROSA Mobayl» kabi operatsion tizimlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, «Rutek» kompaniyasi «R-Fon» smartfonini taqdim etgan, «Laboratoriya Kasperskogo» esa xakerlik hujumlaridan himoyalangan KasperskyOS for Mobile platformasi ustida ishlamoqda.
Eslatib oʻtamiz, soʻnggi vaqtlarda Rossiyada VPN xizmatlari va Telegram faoliyatini cheklash choralari kuchaytirilgan edi. Avvalroq Durov Rossiya hukumati fuqarolarni davlat nazoratidagi ilovalarga oʻtkazish maqsadida Telegram platformasiga kirishni cheklayotganini tanqid qilgan edi.





























Izohlar 0
…