Rossiyaning Rassvet sunʼiy yoʻldoshlaridan biri orbitadan chiqib ketdi

Rossiyaning keng polosali internet tarmogʻini taʼminlashga moʻljallangan «Rassvet» turkumidagi 16 ta sunʼiy yoʻldoshdan biri uchirilganidan soʻng uch oy oʻtmasdan oʻz missiyasini yakunladi. Maʼlumotlarga koʻra, Object 4 belgisi ostidagi apparat atmosferaning zich qatlamlariga kirib, 6-iyun kuni yonib ketgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu sunʼiy yoʻldosh 23-mart kuni Plesetsk kosmodromidan boshqa apparatlar bilan birga 288–324 km balandlikdagi boshlangʻich orbitaga chiqarilgan edi. Biroq, Object 4 guruhdagi orbitani koʻtarish boʻyicha birorta ham manyovrni amalga oshirmagan yagona apparat boʻlib chiqdi. Mutaxassislarning kuzatishicha, qurilma atmosfera tormozlanishi sababli balandlikni yoʻqotib borgan va tuzatishlar kiritilmagani bois uning qulashi muqarrar boʻlgan.
Hozircha hodisaning rasmiy sabablari ochiqlanmagan. Eng ehtimoliy versiyalar sifatida dvigatel qurilmasidagi nosozlik yoki sunʼiy yoʻldosh boshqaruvining yoʻqolishi koʻrilmoqda. Guruhdagi qolgan apparatlar shtat rejimida ishlashda davom etmoqda: mustaqil monitoring maʼlumotlariga koʻra, oltita sunʼiy yoʻldosh rejaviy koʻtarilishni boshlagan, yana sakkiztasi joriy parvoz parametrlarini saqlab turibdi.
«Rassvet» loyihasi «Byuro 1440» kompaniyasi tomonidan Rossiyaning sunʼiy yoʻldosh orqali keng polosali internet tizimi sifatida yaratilmoqda. Apparatlar 5G NTN aloqa standarti, yangilangan energiya taʼminoti tizimi, yangi avlod lazerli terminallar va plazmali dvigatellar bilan jihozlangan. Rejaga koʻra, ushbu tizim asosidagi internet 2026-yildan boshlab poyezdlarda va chekka hududlarda sinovdan oʻtkazila boshlaydi.





























Izohlar 0
…