Gumanoid robotlar narxi keskin tushdi: endi ular avtomobildan ham arzon

Inson simon robotlar bozori tubdan oʻzgarish arafasida turibdi. Atigi bir yil avval muhandislik prototiplari uchun qariyb bir million yuan (taxminan 150 ming dollar) soʻralgan boʻlsa, bugungi kunda Xitoyning ikkilamchi bozorlarida bunday qurilmalar oʻn baravar arzon narxlarda ommaviy ravishda paydo boʻlmoqda. Hozirda ularni 50 000 yuan (taxminan 7,4 ming dollar) atrofida xarid qilish mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ikkilamchi savdo platformalarida texnoblogerlar va agentliklar tomonidan sinov uchun olingan "deyarli yangi" robotlar ham koʻpaygan. Bunday qurilmalar odatda boshlangʻich narxidan 60-70 foiz chegirma bilan sotilmoqda. Birinchi qoʻl bozorida ham raqobat shiddatli tus olgan: Unitree Robotics kompaniyasining R1 Air roboti 29 900 yuandan taklif etilayotgan boʻlsa, aprel oyida chiqarilgan yangi ikki qoʻlli robot narxi 26 900 yuanga tushirildi.
Songyan Power kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan Bumi roboti esa 9 998 yuan narx bilan inson simon robotlar tarixida 10 000 yuanlik dovondan pastga tushgan ilk model boʻldi. Mazkur robotning 500 donadan iborat birinchi partiyasi atigi ikki kun ichida sotib boʻlindi. Shuningdek, Booster Robotics kompaniyasining Booster K1 modeli ham 29 900 yuandan sotilmoqda, bu sanoat robotlari narxining keskin pasayganidan dalolat beradi.
Robotlarni ijaraga berish bozori ham sezilarli darajada arzonlashdi. Agar avvalroq gumanoid robotning bir kunlik ijarasi 10 000 yuanga yetgan boʻlsa, joriy yilning may oyiga kelib tijoriy maqsadlar uchun ijara narxi kuniga 800–1500 yuangacha tushdi. Mutaxassislarning fikricha, butlovchi qismlar narxining pasayishi va laboratoriya sharoitidan ommaviy ishlab chiqarishga oʻtilishi narxlarning yanada arzonlashishiga xizmat qilmoqda.





























Izohlar 0
…