Plex narxlar oshishi arafasida yangi ijtimoiy funksiyalarni taqdim etdi

Plex narxlar oshishi arafasida yangi ijtimoiy funksiyalarni taqdim etdi
Audio versiyasi

Plex platformasi oddiy shaxsiy media-serverdan reklama asosidagi striming xizmati va filmlar ijarasiga ixtisoslashgan yirik xabga aylandi. Endilikda kompaniya Reddit va Letterboxd kabi ijtimoiy platformalar bilan raqobatlashishni maqsad qilgan. Chorshanba kuni taqdim etilgan yangi funksiyalar foydalanuvchilarning oʻzaro muloqot qilish uslubini butunlay oʻzgartirishga qaratilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Yangi joriy etilgan Discussions boʻlimi foydalanuvchilarga film va seriallar haqida fikr qoldirish hamda muhokamalarda qatnashish imkonini beradi. Plex ushbu forum orqali Reddit platformasining kino-jamiyatlar orasidagi ustunligiga chek qoʻyishni rejalashtirmoqda. Kontentni nazorat qilish uchun AI (sunʼiy intellekt) va inson aralashuvidan iborat moderatsiya tizimi ishlab chiqilgan.

Yana bir muhim yangilik — Lists funksiyasi boʻlib, u orqali foydalanuvchilar oʻzlarining sevimli filmlari roʻyxatini tuzishlari, ularni boshqalar bilan ulashishlari va emojilar orqali munosabat bildirishlari mumkin. Yil yakuniga qadar boshqa platformalardagi roʻyxatlarni import qilish imkoniyati ham qoʻshiladi. Bu Letterboxd va IMDb kabi servislar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatni anglatadi.

Bundan tashqari, Plex foydalanuvchining koʻrish odatlariga asoslangan Match Score funksiyasini ham eʼlon qildi. Bu tizim foydalanuvchiga muayyan film qanchalik yoqishi mumkinligini foizlarda koʻrsatib beradi. Kompaniya asoschilaridan biri Scott Olechowski TechCrunch nashriga bergan intervyusida, bu funksiya cheksiz qidiruvlar oʻrniga shaxsiy tavsiyalarni tezkor taqdim etishini taʼkidladi.

Hozirda Lists funksiyasi barcha foydalanuvchilar uchun ochiq, Discussions esa shu oy oxirigacha ishga tushiriladi. Ushbu yangilanishlar Plex platformasining umrbod obuna (lifetime pass) narxlari sezilarli darajada oshishi kutilayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar