Pinterest va Amazon hamkorligi: Kreatorlar uchun yangi imkoniyatlar

Pinterest va Amazon hamkorligi: Kreatorlar uchun yangi imkoniyatlar

Pinterest platformasi Amazon bilan hamkorlikni kengaytirayotganini eʻlon qildi. Endilikda ijtimoiy tarmoq kreatorlar uchun Amazon Storefront doʻkonlarini integratsiya qilish imkoniyatini taqdim etadi. Ushbu onlayn doʻkonlar mualliflarga oʻz video va kontentlarida koʻrsatilgan mahsulotlar uchun affilyat (sheriklik) havolalari orqali daromad olish imkonini beradi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Ushbu qadam Pinterest uchun Instagram, TikTok, YouTube va Facebook kabi yirik platformalarda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan kreatorlarni jalb qilishda muhim vosita boʻladi. Kompaniya maʻlumotlariga koʻra, foydalanuvchilarning yarmidan koʻpi platformaga xarid qilish maqsadida kiradi va har oyda 80 milliarddan ortiq qidiruv soʻrovlari amalga oshiriladi.

Yangi vosita yordamida kreatorlar oʻzlarining Amazon Storefront sahifalarini bevosita Pinterest akkauntiga ulashlari mumkin. Sozlamalar tugallangach, mos keladigan Amazon mahsuloti belgilanganda affilyat havolasi avtomatik ravishda biriktiriladi. Bu esa mahsulotlarni reklama qilish jarayonini toʻliq avtomatlashtiradi va muxlislarga muallif tavsiyalarini yaxshiroq koʻrish imkonini beradi.

Mazkur kelashuv 2023-yilda boshlangan koʻp yillik reklama hamkorligining davomi hisoblanadi. Pinterest shuningdek, 2024-yilda Google bilan ham shunga oʻxshash reklama bitimini imzolagan edi. Bu harakatlar platformaning daromad keltirish salohiyatini oshirishga qaratilgan boʻlib, soʻnggi vaqtlarda foydalanuvchilar tomonidan eʻtirozlarga sabab boʻlayotgan sunʻiy intellekt (AI) tomonidan yaratilgan sifatsiz kontent muammosiga ham yechim boʻlishi kutilmoqda.

Haqiqiy kreatorlar bilan ishlash orqali Pinterest oʻz obroʻsini tiklashni va yana ilhom manbai hamda xaridlar markaziga aylanishni koʻzlamoqda. Kompaniya tez orada boshqa hamkorlar bilan ham doʻkonlarni bogʻlash funksiyasini ishga tushirishini maʻlum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar