Google qidiruv tizimida yangi sunʼiy intellekt agentlari ishga tushirildi

Google I/O 2026 konferensiyasida kompaniya qidiruv tizimi uchun yangi agentlik imkoniyatlarini taqdim etdi. Endilikda foydalanuvchilar oʻzlarini qiziqtirgan mavzular boʻyicha doimiy xabardor boʻlib turish uchun bir nechta sunʼiy intellekt agentlarini yaratishi, ularni moslashtirishi va boshqarishi mumkin. Bu yangilik Googleʼning shunchaki savollarga javob beradigan emas, balki mustaqil harakat qila oladigan va uzoq muddatli vazifalarni bajaradigan tizimlar sari tashlagan navbatdagi qadamidir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Anʼanaviy qidiruv vositalaridan farqli oʻlaroq, Googleʼning yangi agentlari fond bozoridagi oʻzgarishlar, aviachiptalar narxi, sport jamoalari natijalari yoki ob-havo kabi maʼlumotlarni 24/7 rejimida kuzatib boradi. Ular shunchaki havolalar roʻyxatini taqdim etmay, balki turli manbalardagi maʼlumotlarni umumlashtiradi, tahlil qiladi va foydalanuvchiga tushunarli xulosalar yetkazadi.
Ushbu funksiyadan foydalanish uchun qidiruv tizimidagi AI Mode rejimini yoqish va kerakli soʻrovni kiritish kifoya. Masalan, maʼlum bir filmga chiptalar narxini kuzatishni buyurganingizda, tizim tegishli yangilik paydo boʻlishi bilan push-bildirishnoma yuboradi. Barcha faol kuzatuvlar AI Mode tarixida saqlanadi, ularni istalgan vaqtda tahrirlash yoki oʻchirish mumkin.
Yangi funksiya yoz faslida dastlab AQShdagi Google AI Pro va Ultra obunachilari uchun taqdim etiladi, keyinchalik esa boshqa bozorlarga ham kirib boradi. Shuningdek, Google 25 yildan ortiq vaqt ichida qidiruv tizimining eng katta yangilanishini amalga oshirib, interfeysni yanada suhbatlashishga moslashgan “aqlli qidiruv oynasi” koʻrinishiga oʻtkazdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!