Google qidiruvida sunʼiy intellekt asosiy formatga aylanmoqda

Google qidiruv tizimidagi sunʼiy intellekt orqali yaratilgan javoblar foydalanuvchilarning xohishidan qatʼi nazar, raqamli axborot makonida ustuvor yoʻnalishga aylanib bormoqda. Similarweb bozor tahlili kompaniyasi maʼlumotiga koʻra, soʻnggi bir yil ichida Google qidiruvidagi AI Overviews funksiyasi 15 foizdan 43 foizgacha qidiruv natijalarida paydo boʻlish darajasiga yetdi va bu internet foydalanuvchilarining axborot isteʼmol qilish odatlarini tubdan oʻzgartirib yubormoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Qidiruv odatlarining oʻzgarishi va Google platformasining roli
Tadqiqot natijalariga koʻra, dastlabki bosqichda oddiy qidiruv ustiga qoʻshimcha qatlam sifatida ishga tushirilgan texnologiya bugunga kelib qidiruv jarayonining ajralmas qismiga aylandi. Foydalanuvchilar toʻgʻridan-toʻgʻri sunʼiy intellekt taqdim etgan javoblarga yoʻnaltirilib, soʻngra qidiruvni Google’ning yanada interaktiv va suhbat shaklidagi AI Mode rejimi orqali davom ettirishmoqda. Xususan, koʻrsatkichlar shuni koʻrsatadiki, AI Mode tashriflari 2025-yil iyun oyidagi 126 milliondan 2026-yil may oyiga kelib 279 millionga yetgan.Ushbu oʻzgarishlar foydalanuvchilarning tarmoqda maʼlumot izlash madaniyatidagi kengroq burilishni ifodalaydi. Bir vaqtlar Google oddiygina koʻk rangdagi havolalar roʻyxatini taqdim etgan va foydalanuvchilar ularni bosib boshqa saytlarga oʻtgan boʻlsa, hozirda Google oʻzining qidiruv sahifasining oʻzi yakuniy manzilga aylanmoqda. Tizim kerakli maʼlumotlarni oʻzi indeks qilgan saytlardan yigʻib taqdim etadi.
Bu holat esa foydalanuvchilarning tashqi saytlarga oʻtishidan koʻra koʻproq Google platformasining oʻzida vaqt oʻtkazishini taʼminlamoqda. Similarweb maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan davr mobaynida qidiruv soʻrovlarining oʻrtacha davomiyligi oshgan. Bu odamlar qisqa kalit soʻzlar oʻrniga sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan uzunroq va tabiiyroq, suhbat shaklidagi soʻrovlardan foydalana boshlaganini bildiradi.
Nashriyotlar duch kelayotgan muammolar
Biroq, qidiruv tizimidagi bunday tub oʻzgarishlar ommaviy axborot vositalari va kontent nashriyotlari tomonidan mamnuniyat bilan kutib olingani yoʻq. Saytlarga oʻtishni talab qilmaydigan sunʼiy intellekt iqtiboslari tufayli nashriyotlar oʻzlarining yoʻnaltiruvchi trafigidan (referral traffic) mahrum boʻlmoqda. Oʻtgan yili ham Similarweb ushbu tendensiya ayniqsa yangiliklar nashrlari uchun ogʻir oqibatlarga olib kelishini maʼlum qilgan edi.Vзиyatga javoban, texnologik infratuzilma kompaniyasi boʻlgan Cloudflare nashriyotlarga oʻz saytlarini himoya qilish imkonini beruvchi vositalarni taqdim etdi. Endilikda sayt egalari agar sunʼiy intellekt kompaniyalari kontent uchun haq toʻlamasa, ularning tarmoqni oʻrganuvchi botlarini (AI crawlers) bloklash imkoniyatiga ega.
Shunga qaramay, soʻnggi hisobotda iqtibos keltirilgan sunʼiy intellekt javoblarining soni oʻtgan yilga nisbatan besh barobardan ziyod oshgani qayd etilgan. Masalan, 2026-yil may holatiga koʻra, AQShdagi ChatGPT ish stoli soʻrovlarining atigi 6.8 foizigagina manbalarga iqtiboslar kiritilgan (sayyohlik, chakana savdo va sport sohasidagi soʻrovlar boshqalarga qaraganda koʻproq iqtibos qilinishini hisobga olmaganda).






























Izohlar 0
…