Rossiya kompaniyalari "soyali" sunʼiy intellekt muammosiga duch kelmoqda

Rossiyadagi koʻplab kompaniyalar xodimlarning ish jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan yashirincha foydalanishi bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda. "Bilayn" bosh direktori Sergey Anoxinning soʻzlariga koʻra, mamlakatdagi korxonalarning 25 foizi AI texnologiyalarini tijorat jarayonlariga toʻliq joriy qilgan, yana 20 foizi esa bu yoʻnalishda faol ish olib bormoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, tashkilotlarning 37 foizi sunʼiy intellektdan vaqti-vaqti bilan foydalanadi, 17 foizi esa yangi texnologiyalarni endi oʻrganishni boshlagan. Tadqiqotda sanoat, moliya, savdo va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi 70 dan ortiq yirik kompaniyalarning top-menejerlari ishtirok etgan.
Mutaxassislar "soyali" sunʼiy intellekt (Shadow AI) xavfidan ogohlantirmoqda. Xodimlar kompaniya qoidalarini chetlab oʻtgan holda ChatGPT va boshqa neyrotarmoqlardan ish vazifalarini bajarishda foydalanishmoqda. Bu esa korporativ va shaxsiy maʼlumotlarning sizib chiqish xavfini keskin oshiradi.
InfoWatch kompaniyalar guruhi prezidenti Natalya Kasperskayaning taʼkidlashicha, maxfiy maʼlumotlar xorijiy serverlarga tushib qolmoqda. U yerda ushbu maʼlumotlardan sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish yoki uchinchi shaxslarga topshirish maqsadida foydalanilishi mumkin, bu esa kiberxavfsizlik nuqtai nazaridan jiddiy tahdid hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!