Jeff Bezos: Kam daromadli amerikaliklar soliq toʻlamasligi kerak

Amazon asoschisi Jeff Bezos CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSH soliq tizimini tanqid qilib, aholining kam daromadli qatlami federal daromad soligʻidan butunlay ozod qilinishi kerakligini taʼkidladi. Milliarder misol tariqasida yiliga 75 ming dollar maosh oladigan va oyiga 1000 dollardan ortiq soliq toʻlaydigan hamshirani keltirdi. Uning fikricha, bu mablagʻlar ijara yoki oziq-ovqat xarajatlari uchun sarflanishi foydaliroqdir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Bezosning soʻzlariga koʻra, eng kam daromad oluvchi aholi qatlami mamlakatdagi umumiy soliq tushumlarining atigi 3 foizini taʼminlaydi. Shu sababli, ulardan soliq undirish Vashington byudjeti uchun katta ahamiyatga ega emas, biroq oddiy fuqarolarning turmush darajasiga jiddiy zarba beradi. Dunyoning eng boy insonlaridan birining bunday hamdardligi koʻpchilikni hayron qoldirdi, chunki milliarderlarning oʻzlari koʻpincha soliq tizimidagi boʻshliqlardan foydalanib kelishadi.
ProPublica surishtiruviga koʻra, Bezosning boyligi 2006-yildan 2018-yilgacha 127 milliard dollarga oshgan boʻlsa-da, u bor-yoʻgʻi 6,5 milliard dollar daromad haqida hisobot bergan. Garchi u 1,4 milliard dollar soliq toʻlagan boʻlsa-da, bu uning umumiy boyligi oʻsishiga nisbatan atigi 1 foizni tashkil etadi. AQSH qonunchiligiga koʻra, aksiyalar qiymati oshishi (unrealized capital gains) sotilmaguncha soliqqa tortilmaydi, bu esa boylarga oʻz aktivlarini garovga qoʻyib, past foizli kreditlar hisobiga yashash imkonini beradi.
Intervyu davomida Bezos AQSHda soliq yigʻish emas, balki xarajatlar bilan bogʻliq muammo borligini taʼkidladi. Uning fikricha, mamlakatda dunyodagi eng progressiv soliq tizimi mavjud boʻlib, eng boy 1 foiz aholi barcha soliq tushumlarining 40 foizini toʻlamoqda. Shu bois, u soliq stavkalarini oshirish oʻrniga, davlat xarajatlarini qayta koʻrib chiqishni taklif qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!