Wayve va Stellantis hamkorligi: Avtopilot tizimi 2028-yilda yoʻlga chiqadi

Jeep va Ram brendlari egasi hisoblangan Stellantis avtokonserni Buyuk Britaniyaning Wayve startapi bilan hamkorlikni eʻlon qildi. Mazkur kelishuvga koʻra, 2028-yildan boshlab Stellantis avtomobillarida haydovchi aralashuvisiz boshqariladigan tizimlar joriy etiladi. Ushbu yangilik kompaniyaning Michigan shtatidagi bosh qarorgohida oʻtkazilgan investorlar kunida maʻlum qilindi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Wayve yaqinda Microsoft, NVIDIA va Uber kabi gigantlar ishtirok etgan D seriyasidagi investitsiya raundida 1,2 milliard dollar mablagʻ jalb qilgan edi. Stellantis bilan tuzilgan shartnoma startap uchun ikkinchi yirik tijoriy kelishuv boʻlib, u texnologiyani keng koʻlamda yetkazib berishni koʻzda tutadi. Dastlabki bosqichda asosiy eʻtibor Shimoliy Amerika bozoriga, xususan Chrysler va Dodge kabi brendlarga qaratiladi.
Wayve texnologiyasining oʻziga xosligi shundaki, u muayyan datchiklar, chiplar yoki yuqori aniqlikdagi xaritalarga bogʻlanib qolmagan. Tizim "end-to-end" neyron tarmogʻi asosida ishlaydi va avtomobildagi mavjud sensorlardan olingan maʻlumotlar yordamida haydashni oʻrganadi. Bu esa avtomobil ishlab chiqaruvchilarga xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
Stellantis 2030-yilga qadar Shimoliy Amerikada 11 ta yangi modelni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Wayve dasturiy taʻminoti nafaqat Tesla Full Self-Driving kabi yordamchi tizimlar, balki kelajakda robotaksilar uchun moʻljallangan toʻliq avtonom boshqaruvni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Hozircha ushbu texnologiya aynan qaysi modellarga oʻrnatilishi ochiqlanmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!