Uch xil Starship: tanker, yuk va oy modifikatsiyalari oʻrtasidagi farqlar

Taniqli insayder Sawyer Merritt oʻzining X sahifasida Starship kosmik kemasining uchta turli modifikatsiyasi yonma-yon turgan render tasvirini eʻlon qildi. Ushbu tasvir Elon Musk boshqaruvidagi SpaceX kompaniyasi bitta bazaviy dizaynni mutlaqo boshqa-boshqa vazifalar uchun qanday moslashtirayotganini yaqqol koʻrsatib beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Tasvirning chap tomonida orbital tanker (Tanker) joylashgan. Uning korpusi silliq boʻlib, issiqlikdan himoya qiluvchi plitkalar va aerodinamik qanotchalarga ega emas. Ushbu variant faqat orbitada katta miqdordagi metan va kislorodni saqlash hamda boshqa kemalarga oʻtkazish uchun moʻljallangan. Aynan shu kemalar uzoq masofali missiyalar uchun "yoqilgʻi quyish shoxobchasi" vazifasini oʻtaydi.
Markazda yuk tashuvchi variant (Cargo) tasvirlangan. Bu boshqaruv yuzalari, issiqlik himoyasi va Yerga qaytib tushish imkoniyatiga ega boʻlgan klassik Starship modelidir. U ogʻir yuklarni, Starlink sunʻiy yoʻldoshlarini va kelajakdagi Mars modullarini orbitaga olib chiqish uchun xizmat qiladi.
Oʻng tomonda esa NASAning Artemis dasturi uchun maxsus ishlab chiqilgan oy versiyasi (Lunar / HLS) turibdi. U oy tuprogʻiga yumshoq qoʻnish uchun oʻzgacha konfiguratsiyadagi tayanch oyoqlari va konstruksiyaga ega. Bunday modullilik Starship loyihasining asosiy ustunliklaridan biri hisoblanadi.
Ushbu nashr Starship 3 tizimining 12-sinov parvoziga tayyorgarlik koʻrilayotgan bir vaqtda eʻlon qilindi. Bitta kema turli koʻrinishlarda orbitada yoqilgʻi quyishdan tortib, astronavtlarni Oyga qoʻndirishgacha boʻlgan murakkab vazifalarni bajara oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!