Galaxy A17 5G uchun One UI 8.5 proshivkasi Yevropa va Osiyoda chiqdi

Galaxy A16 5G ortidan Samsung kompaniyasining yana bir hamyonbop smartfoni — Galaxy A17 5G uchun One UI 8.5 interfeysining yakuniy versiyasi taqdim etildi. Hozirda ushbu yangilanish Bolgariya, Fransiya, Hindiston, Nepal va Vyetnam kabi mamlakatlardagi foydalanuvchilar uchun ochiq. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
A176BXXU5CZE9 raqami ostida chiqayotgan proshivka hajmi 2,4 GBni tashkil etadi va u 2026-yil may oyidagi xavfsizlik patchini oʻz ichiga oladi. Yangilanish qurilmaga biroz oʻzgartirilgan interfeys, kengaytirilgan personallashtirish imkoniyatlari va takomillashtirilgan tizim ilovalarini olib keladi.
Foydalanuvchilar endi toʻliq sozlanadigan tezkor sozlamalar paneli, bloklash ekranidagi soat uchun qoʻshimcha shriftlar va avtomatik tartiblash variantlaridan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, kamera ilovasiga yangi filtrlar, Weather ilovasiga esa havoning changlanish indeksi kabi foydali funksiyalar qoʻshilgan.
Samsung Notes ilovasi jadvallar va avtomatik hisob-kitoblar bilan boyitilgan boʻlsa, Samsung Health ilovasida Galaxy Watch bilan mashgʻulot maʼlumotlarini almashishning yangi usullari paydo boʻldi. Samsung Internet brauzerida esa himoya holati va boshqa qurilmalardagi ochiq sahifalarni koʻrsatuvchi yangi tab sahifasi joriy etildi.
Counterpoint Research maʼlumotlariga koʻra, Galaxy A17 5G 2026-yilning birinchi choragida dunyodagi eng ommabop Android-smartfonlar qatoridan joy olgan. Ushbu yangilanish qurilmaning bozordagi mavqeini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!