Silikon vodiysi uy robotlariga tayyormi? Hello Robot yangi bosqichda

Kaliforniyaning Martines shahrida joylashgan Hello Robot startapi oʻzining uy yordamchisi boʻlgan Stretch robotining toʻrtinchi avlodini taqdim etdi. Silikon vodiysidagi koʻplab raqiblaridan farqli oʻlaroq, ushbu kompaniya inson qiyofasidagi murakkab humanoidlar emas, balki real xonadonlarda amaliy yordam bera oladigan ixcham qurilmalarni yaratishga eʻtibor qaratmoqda. Stretch teleskopik qoʻl, sensorli bosh va gʻildirakli platformaga ega boʻlib, u laboratoriya sharoitidan tashqarida ishlashga moʻljallangan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniyaga Google sobiq robototexnika direktori Aaron Edsinger va Georgia Institute of Technology professori Charlie Kemp tomonidan 2017-yilda asos solingan. Hello Robot sunʻiy intellekt sohasidagi soʻnggi yutuqlardan foydalangan holda, robotlarni oʻrgatish uchun zarur boʻlgan real maʻlumotlarni toʻplashni maqsad qilgan. Bullhound Capital hisobotiga koʻra, robototexnika sohasida asosiy ustunlik faqat intellektual mulkda emas, balki real dunyoda toʻplangan ish soatlaridadir.
Stretch robotining imkoniyatlarini amalda sinab koʻrayotganlardan biri — investor Keith Platt. 2021-yilda falaj boʻlib qolgan Platt oʻzining iPhone smartfonidagi ovozli ilova orqali robotni boshqaradi. Uning yordamida u mustaqil ravishda proteinli kokteyl ichishi, koʻzoynagini taqishi yoki tishlarini yuvishi mumkin. Avvalari bu kabi oddiy yumushlar uchun ikki soat vaqt ketgan boʻlsa, hozirda robot yordamida bir necha daqiqada bajarilmoqda.
Hello Robot jamoasida maxsus terapevtlar ham faoliyat yuritib, qurilmani imkoniyati cheklangan insonlar ehtiyojiga moslashtirish ustida ishlamoqda. Plattning taʻkidlashicha, boshqalarga qaram boʻlmaslik va mustaqillikka erishish nafaqat bemor uchun, balki unga gʻamxoʻrlik qilayotgan yaqinlari uchun ham ruhan juda muhimdir. Hozirda Stretch laboratoriya oynalari ortidan chiqib, haqiqiy uylarda insonlarga xizmat qilishni boshlagan kam sonli loyihalardan biri hisoblanadi.





























Izohlar 0
…