
Iqtisodiyot boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e'lon qilindi. Mukofot Daron Ajemogʻli, Saymon Jonson va Jeyms Robinsonga “institutlarning qanday shakllanishi va farovonlikka qay tarzda ta'sir koʻrsatishi” boʻyicha olib borgan tadqiqotlari uchun berildi.
1968 yilda Shvetsiya banki tomonidan ta'sis etilgan iqtisodiyot boʻyicha mukofot laureatlarining e'lon qilinishi Nobel haftaligini yakunlaydi. Mukofotlar 10 dekabr kuni, Alfred Nobel vafot etgan kuni topshiriladi. Mukofotning pul ekvivalenti — 11 million shved kroni — joriy kurs boʻyicha 1 million AQSh dollaridan sal koʻproqni tashkil qiladi. Pul mukofotidan tashqari, Shvetsiya qiroli sovrindorlarga medal va diplomlarni topshiradi.

Ma'lumot uchun Daron Ajemoʻgʻli va Jeyms Robinson “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambagʻallik manbalari” kitobi muallifi hisoblanadi.
2023 yilda iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti amerikalik Klaudiya Goldinga “mehnat bozorida ayollarning roli haqida olib borgan tadqiqotlari uchun” berilgandi.
2022 yilda esa Ben Bernanke, Duglas Diamond va Filipp Dyubvig “moliyaviy inqirozlar va bank ishi boʻyicha tadqiqotlari uchun” taqdirlangan.
2024 yilgi Nobel sovrindorlari
11 oktyabr kuni tinchlik boʻyicha Nobel “yadroviy quroldan xoli dunyoga erishishdagi sa'y-harakatlari” uchun Yaponiyaning atom bombasidan omon qolganlarni birlashtirgan Nihon Hidankyo tashkilotiga berildi.
10 oktyabr kuni adabiyot boʻyicha Nobel mukofotini “tarixiy jarohatlar va inson hayotining nozikligini aks ettiruvchi kuchli nasriy she'riyat” uchun janubiy koreyalik yozuvchi Xan Kanga olgandi.
9 oktyabr kuni kimyo boʻyicha Nobel mukofoti “oqsilni hisoblash dizayni uchun” amerikalik Devid Beker va “oqsil tuzilishi prognozi uchun” britaniyalik Demis Hassabis va Jon Jumperga berilgandi. Beyker butunlay yangi turdagi oqsillarni yaratgan. Britaniyalik olimlar esa 50 yildan beri hal etilmagan muammoni — oqsillarning murakkab tuzilishini oldindan bashorat qilish uchun AlphaFold2 nomli sun'iy intellekt modelini yaratgan.
8 oktyabr kuni fizika boʻyicha Nobel mukofoti “sun'iy neyron tarmoqlari yordamida mashinaviy oʻrganishni ta'minlaydigan fundamental kashfiyotlar va ixtirolar uchun” Jon Hopfild va Jeffri Hintonga berilgan.
7 oktyabr kuni tibbiyot boʻyicha Nobel mukofoti “mikroRNK molekulalarini kashf etgani hamda uning transkripsiyadan keyingi gen boshqaruvida tutgan oʻrni uchun” Viktor Ambros va Gariy Ruvkunga berilgan.
Iqtisodiyot bo‘yicha 2024 yil Nobel mukofoti Daron Ajemog‘li Saymon Jonson Jeyms Robinson Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar