21:50 / 12.12.2024
13

Shols: “Putinga qo‘ng‘iroq yoqimsiz bo‘ldi, lekin uni takrorlashga tayyorman”

Shols: “Putinga qo‘ng‘iroq yoqimsiz bo‘ldi, lekin uni takrorlashga tayyorman”
Foto: Reuters
Germaniya kansleri Olaf Shols yaqinda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilganidan keyin unga nisbatan bildirilgan tanqidlarga qaramay, Kreml bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Putin bilan suhbat yoqimsiz bo‘ldi, lekin men buni takrorlashga tayyorman”, dedi Shols.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu borada xomxayollarga berilmaslik kerak. U Putin “o‘z formulalarini yana bir bor takrorlagani uchun” u bilan muloqotni “hafsalani pir qiladigan” deb atadi.

Sholsning so‘zlariga ko‘ra, bu suhbat, shuningdek, Putinga Germaniya harbiy tajovuzga uchragan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini anglatish uchun ham zarur bo‘lgan. Bundan tashqari, urushni to‘xtatishga poydevor yaratish uchun Putinni Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqishga yana bir bor chaqirish kerak edi.

Shols va Putinning ikki yil ichidagi ilk suhbati

Olaf Shols 15 noyabr kuni Vladimir Putin bilan 2022 yildan beri ilk bor telefon orqali muloqot qilgan edi. Qayd etilishicha, muzokaralar Germaniya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. Rossiya yetakchisiga ko‘ra, Rossiya “Ukraina tomonidan to‘xtatilgan” muzokaralarni qayta boshlashga ochiq va buni hech qachon rad etmagan.

Rossiyaning takliflari yaxshi ma’lum va ular iyun oyida Rossiya Tashqi ishlar vazirligida qilgan nutqida bayon etilgan. Mumkin bo‘lgan kelishuvlar Rossiyaning xavfsizlik manfaatlarini hisobga olishi, yangi hududiy voqeliklarga asoslanishi va eng muhimi, mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etishi kerak”, deyiladi Kreml bayonotida.

Putin va Shols suhbat davomida Rossiya va Germaniya munosabatlarini ham muhokama qildi. Rossiya rahbari “Germaniya hukumatining do‘stona bo‘lmagan munosabati oqibatida ikki davlat o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi aloqalar misli ko‘rilmagan tanazzulga uchraganini” ta’kidlagan. U agar nemis tomoni qiziqish bildirsa, Moskva o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyorligini qayd etgan. Tomonlar Yaqin Sharqdagi mojaroni ham muhokama qilgan.

Shols Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmalariga uyushtirilayotgan Rossiya havo hujumlarini qoraladi

Deutsche Welle’ning xabar berishicha, Shols Putin bilan suhbatda Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasiga qaratilgan Rossiya havo hujumlarini keskin qoralagan. Bundan tashqari, Germaniya kansleri Putinni KXDR askarlarini Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun Rossiyaga yuborish “mojaroning keskinlashuviga va kengayishiga olib kelishi” haqida ogohlantirgan.

Nemis siyosatchisi Rossiyaning bu urushdan ko‘zlagan maqsadlarining hech biri amalga oshmasligini aniq aytgan va u Moskvani “Kiyev bilan jiddiy muzokaralar olib borishga” tayyor bo‘lishga chaqirgan. U Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uzoq muddatli munosabat ekanini qo‘shimcha qilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shols: “Putinga qo‘ng‘iroq yoqimsiz bo‘ldi, lekin uni takrorlashga tayyorman”