Rossiya atom floti tarixida mutlaqo yangi va simvolik voqea sodir bo‘ldi. Ilk bor ayol kishiga atom muzyorar kemasi kapitani lavozimi ishonib topshirildi. “RBK” tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, bu sharafli va mas’uliyatli vazifaga Marina Starovoytova tayinlangan. Endi u dunyodagi eng yirik muzyorar kemalardan biri sanalgan — “Yamal” atom kemasini boshqaradi.
“Yamal” haqiqatan ham noyob kema hisoblanadi. Ikkita yadroviy reaktor bilan jihozlangan bu ulkan laynerning quvvati 75 ming ot kuchiga teng. U 1992 yilda Sankt-Peterburgdagi Baltika zavodida qurilgan bo‘lib, “Arktika” loyihasi doirasida amalga oshirilgan. Texnik xususiyatlari ham hayratlanarli: 23 ming tonna suv sig‘imi, 147 metr uzunlik va qariyb 30 metr kenglik. Shuningdek, 48 millimetrli maxsus po‘lat korpusi sababli “Yamal” eng qattiq va qalin muz qatlamlarini ham bemalol yorib o‘ta oladi. Uning asosiy vazifasi — Shimoliy dengiz yo‘lida navigatsiyani ta’minlash hamda Arktika sharoitida uzluksiz ish olib borish.
Marina Starovoytovaning shaxsiy yo‘li esa alohida e’tiborga loyiq. U 2005 yilda flot tarkibida ish boshlagan va dastlab atom konteyner tashuvchi “Sevmorput” kemasida tajriba to‘plagan. Aslida u o‘z mehnat faoliyatini mutlaqo boshqa sohada — rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi sifatida yo‘lga qo‘ygan edi. Biroq keyin dengizchilik dunyosiga qadam qo‘ydi va amaliy ish bilan bir qatorda o‘qishni ham davom ettirdi. 2014 yilda esa sudovoditel diplomini qo‘lga kiritdi.
Shu yillar davomida u matroslikdan to savdo floti tarkibida katta yordamchi kapitan lavozimigacha bosqichma-bosqich ko‘tarildi. Endi esa Marina Starovoytova tarixda atom muzyorar kema kapitaniga aylangan birinchi ayol sifatida munosib o‘rin egalladi.
Mutahassislar bu voqeani nafaqat shaxsiy yutuq, balki butun dengizchilik sohasi uchun muhim qadam sifatida baholamoqda. Ayniqsa, ayollarning an’anaviy ravishda erkaklar hukmron bo‘lgan sohalarda ham yuqori marralarni egallashi ijtimoiy jihatdan katta ahamiyat kasb etmoqda.
Shubhasiz, Marina Starovoytova nomi endi nafaqat Rossiya floti, balki jahon dengizchilik tarixida ham alohida yoziladi.
Atom floti tarixida yangi sahifa: ilk ayol kapitan tayinlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar