O‘g‘lini saqlab qolish uchun uyida dori tayyorlagan ota

2021 yilda Xitoyda yashovchi Syuy Veyning hikoyasi butun dunyo e’tiborini tortdi. Kunmin shahrida istiqomat qiluvchi 30 yoshli ota o‘g‘li Xaoyanga kam uchraydigan Menkes sindromi tashxisi qo‘yilgach, uni saqlab qolish uchun tibbiyot va kimyoni mustaqil o‘rganishga kirishdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Menkes sindromi organizmning misni o‘zlashtirishi va undan foydalanish jarayonini buzadigan irsiy kasallik hisoblanadi. Xastalik, ayniqsa, o‘g‘il bolalarda ko‘proq uchraydi va og‘ir holatlarda bemorlar odatda uch yoshgacha yashamasligi mumkin. Kasallikning samarali davosi mavjud emas, biroq mis preparatlari ayrim holatlarda uning rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.
Shifokorlar Syuy Veyga o‘g‘liga yordam berishi mumkin bo‘lgan mis gistidini preparati Xitoyda mavjud emasligini aytgan. COVID-19 pandemiyasi sababli xorijga borib davolanish imkoniyati ham cheklangan edi. Shundan so‘ng ota internetdagi, asosan ingliz tilidagi ilmiy va tibbiy materiallarni tarjima dasturlari yordamida o‘rganib, preparatni tayyorlash yo‘lini izlay boshladi.
Syuy Vey otasining sport zalida kichik laboratoriya tashkil qilib, zarur uskunalarni xarid qildi. Taxminan olti haftalik izlanish va tajribalardan so‘ng u mis gistidinining dastlabki namunasini tayyorlashga muvaffaq bo‘ldi. Preparatni avval quyonlarda sinab ko‘rdi, keyin esa o‘z tanasida tekshirdi. Shundan keyingina uni o‘g‘liga berishni boshladi.
Syuy Veyning aytishicha, davolash boshlanganidan taxminan ikki hafta o‘tib, o‘g‘lining ayrim qon tahlillari yaxshilangan. Biroq mis gistidini kasallikni to‘liq davolaydigan vosita emas, balki uning rivojlanishini sekinlashtirish va ayrim alomatlarni yengillashtirishga yordam beruvchi preparat hisoblanadi.
Otaning qat’iyati keyinchalik biotexnologiya sohasidagi mutaxassislar e’tiborini ham tortdi. VectorBuilder kompaniyasi va Lantu tadqiqotchilari Menkes sindromi uchun gen terapiyasi ustida hamkorlikda ish boshladi. Keyinchalik Xaoyan ushbu yo‘nalishdagi tajribaviy gen terapiyasi dasturida ishtirok etdi.
Syuy Veyning hikoyasi noyob kasalliklarga chalingan bemorlar uchun davolash usullarini izlashda ota-onalarning qat’iyati qanchalik katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Uning maqsadi nafaqat o‘z farzandiga yordam berish, balki Menkes sindromi bilan kurashayotgan boshqa bolalar uchun ham samarali davolash usullarini topishga hissa qo‘shishdan iborat bo‘ldi.






























Izohlar 0
…