Kelinga 52 kilogramm oltin taqildi: to‘y tekshirila boshlandi

Kelinga 52 kilogramm oltin taqildi: to‘y tekshirila boshlandi

Turkiyaning Van shahrida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan moda dizayneri va tadbirkor Chag‘li O‘z hamda «Vanli Qora Haydar» laqabi bilan tanilgan bloger Mehmet Fotih Tanchalanning to‘yi katta miqdordagi oltin va pullar sabab diqqat markaziga tushdi.

To‘y marosimida kelin-kuyovga taqilgan qimmatbaho buyumlar va naqd pullar Turkiya huquq-tartibot idoralari tomonidan tekshirila boshlangan. Ma’lum qilinishicha, kelinning o‘ziga 52 kilogramm oltin, kuyovga esa 44 million turk lirasi taqilgan. Bu haqda «Haberler» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, to‘y joriy yilning 6 sentyabr kuni Van shahrining Tushba tumanida o‘tkazilgan. Marosimda kelinning qo‘llariga juda ko‘p miqdorda oltin bilaguzuklar taqilgan. Bilaguzuklar qo‘llariga sig‘may qolgach, ularning qolgan qismi qalin zanjirga tizilib, kelinning bo‘yniga osilgan.

To‘y davomida taqilgan oltinlar, turli zargarlik buyumlari, xorijiy valyutalar va turk lirasi huquq-tartibot idoralarining e’tiborini tortgan. Ayniqsa, kelin-kuyovga taqilgan oltin va pullarning ularning rasmiy daromadlariga mos kelishi yoki kelmasligi masalasi tekshirilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu qimmatbaho oltinlarning kelib chiqish manbasi ham tekshiruvdan chetda qolmagan. Mazkur masala bilan Turkiyaning Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish kengashi — MASAK shug‘ullanmoqda.

Kuyov boshqa ish bo‘yicha ham hibsga olingan

Kelinga 52 kilogramm oltin taqildi: to‘y tekshirila boshlandi

Mehmet Fotih Tanchalanning nomi mazkur to‘y bilan bog‘liq tekshiruvdan tashqari, boshqa jinoyat ishi doirasida ham tilga olingan.

Unga davlat va davlat tashkilotlarini haqorat qilish, shuningdek, jinoyatdan olingan mol-mulkni qonuniylashtirish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. Sud qarori asosida Tanchalan hibsga olingan.

Bloger esa o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan. Uning ta’kidlashicha, to‘y va unashtiruv marosimiga ketgan xarajatlarning katta qismi reklama hamda homiylik kelishuvlari orqali qoplangan.

Shuningdek, Tanchalan to‘yda namoyish etilgan oltinlarning bir qismi ham shaxsiy mulk emasligini bildirgan. Uning aytishicha, ularning ayrimlari zargarlardan vaqtincha olingan.

Ayni paytda Turkiya huquq-tartibot idoralari to‘yda taqilgan 52 kilogramm oltin, 44 million turk lirasi va boshqa qimmatbaho buyumlarning manbasi hamda ularning kelin-kuyov daromadlariga muvofiqligini tekshirmoqda. Mazkur holat bo‘yicha MASAK tomonidan ham tegishli o‘rganishlar olib borilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar