3 yoshgacha farzandi bor oilalar uchun yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi

3 yoshgacha farzandi bor oilalar uchun yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi

Yig‘ilishda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilab berildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yil yakuniga qadar ehtiyojmand aholini «ijtimoiy reyestr»ga kiritish tizimini qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning Telegram kanalida ma’lum qilindi.

Yangi tartibda oilani baholashda faqat daromad miqdoriga e’tibor qaratilmaydi. Surinkali kasalliklar, nogironlik, ko‘p bolalilik, shuningdek, oila a’zolaridan birining xorijda mehnat qilayotgani kabi omillar ham hisobga olinadi.

Shu maqsadda ehtiyojmandlikni aniqlashda ko‘p o‘lchovli baholash tizimiga o‘tish rejalashtirilgan. Bu orqali oilaning ijtimoiy holatiga ta’sir qiladigan bir nechta omilni birgalikda hisobga olish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishda mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,9 foizga tushgani ham qayd etildi. Biroq 3 yoshgacha farzandi bor oilalarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 6,5 foizni tashkil etmoqda.

Prezident bunday oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ota-onalarni uyidan yoki mahalladan turib ishlash va daromad olish imkoniyati bilan ta’minlaydigan tizim yaratilishini aytdi.

«Bola parvarishlayotgan ota-onalarni uyida yoki mahallada ishli va daromadli qiladigan tizimni yo‘lga qo‘yamiz», dedi Prezident.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar