Marsda meduzaga o‘xshash sirli obyekt paydo bo‘ldi

Mars sayyorasida bir necha yil avval olingan g‘alati surat internet foydalanuvchilari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bunga Curiosity marsoxodi kamerasi tasvirga muhrlagan, tashqi ko‘rinishi meduzaga o‘xshash sirli obyekt sabab bo‘lmoqda.
Bu haqda Naked Science xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, g‘alati tasvir 2023 yil 20 avgust kuni Curiosity marsoxodining o‘ng navigatsiya kamerasi orqali olingan. Kadrda Mars sirti ustida muallaq turganday ko‘rinadigan noma’lum figura aks etgan. U paypaslagichlarga o‘xshash qismlari bor gumbazsimon boshni eslatadi.
E’tiborlisi, ushbu suratdan atigi 13 soniya avval olingan kadrda bunday “meduza” umuman ko‘rinmagan. Shu jihat internetda turli taxminlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Mars sirtida aql bovar qilmas darajada tez harakatlana oladigan ulkan umurtqasiz mavjudot bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirgan.
Biroq mutaxassislar bunday taxminga shoshilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda.
G‘alati obyekt aslida nima?
Ulkan o‘zga sayyoralik “meduza” gipotezasini mutlaqo istisno qilib bo‘lmaydi. Ammo olimlar tasvirdagi g‘ayrioddiy shaklni kamerada yuz bergan texnik nuqson bilan ham izohlash mumkinligini aytmoqda.
Astrofizik doktor Jozef Farahning taxminiga ko‘ra, g‘alati obyekt kosmik nurning kamera sensoriga urilishi natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Mutaxassis tasvir kattalashtirilganda qora piksellarning mukammal darajada bir chiziq bo‘ylab joylashgani ko‘rinishini ta’kidlagan. Bu esa tasvirdagi obyektning odatiy bo‘lmagan ko‘rinishini tushuntirishi mumkin.
Qolaversa, mazkur nazariyadan oldin olingan kadrda obyektning yo‘qligi bilan ham mos keladi. Ya’ni bor-yo‘g‘i 13 soniya ichida paydo bo‘lib, keyin yana g‘oyib bo‘lgan “meduza”dan ko‘ra, kameradagi vaqtinchalik anomaliya ehtimoli yuqoriroq.
Yana bir taxminga ko‘ra, g‘alati tasvir elektron nosozlik yoki ma’lumotlarni uzatish jarayonida yuzaga kelgan xatolik oqibati bo‘lishi mumkin. EathSky nashri ham shunday ehtimolni ilgari surgan.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, piksel qiymati kamera sensoridan tortib Yerda shakllantiriladigan yakuniy tasvir fayligacha bo‘lgan jarayonning bir nechta bosqichida o‘zgarishi mumkin. Bunday o‘zgarish ma’lumotlarni o‘qish elektronikasida, bort kompyuterida ma’lumotlarni saqlashda, tasvirni siqishda, Yerga uzatishda yoki keyingi qayta ishlash jarayonida yuz berishi ehtimoldan xoli emas.
Shu bois Curiosity kamerasida aks etgan g‘alati obyekt hozircha Marsdagi hayot belgisi emas, balki kamera yoki ma’lumotlarni qayta ishlashdagi texnik anomaliya bo‘lishi ehtimoli yuqori.






























Izohlar 0
…