Turkmaniston hukumati ish haqi, pensiyalar, davlat nafaqalari va stipendiyalar miqdorini har yili oshirishdan voz kechishni taklif qilmoqda. Bu haqda Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida bo‘lib o‘tayotgan Xalq maslahati yig‘ilishida, faxriy oqsoqol Yozmurod Otamurodov ma’lumot berdi.
Otamurodov Xalq maslahati raisi va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga murojaat qilib, mamlakat rahbariyatining «baxtli xalq turmush darajasini barqaror o‘stirayotgan» siyosatini yuqori baholadi. Uning fikricha, aholining ijtimoiy va maishiy sharoitlari yuqori darajada bo‘lib, to‘lovlarni oshirishni to‘xtatish zarur. Otamurodov, «odamlar uchun yaratilgan bunday imtiyozlar dunyoning hech bir mamlakatida yo‘qligini» ta’kidladi.
TDH xabariga ko‘ra, Otamurodov Berdimuhamedovdan o‘z taklifini qo‘llab-quvvatlashini, saqlangan mablag‘larni mamlakat taraqqiyoti va boshqa muhim vazifalarga yo‘naltirishini samimiy so‘ragan. Berdimuhamedov, o‘z navbatida, Otamurodovga nutqi va tavsiyalari uchun minnatdorchilik bildirgan.
Turkmen news xabariga ko‘ra, oqsoqolning taklifi turkman ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Turkmenportal davlat nashri hatto bu xabar ostidagi izohlarni yopib qo‘ydi. Foydalanuvchilar inflyatsiya odatda indeksatsiya qilinadigan 10 foizdan ancha yuqori ekanini ta’kidlagan. Masalan, go‘sht yarim yil ichida ikki baravar qimmatlashdi — 100 manatgacha (5 dollar). Talabalar formasi oilalarga taxminan 12 ming manatga (600 dollar) tushadi va ota-onalar farzandining o‘qishini to‘lash uchun kredit olishi kerak bo‘ladi. Ko‘pgina sharhlovchilar oqsoqolning samimiyligiga shubha qilishdi, kam daromad va tirikchilik qiyinchiliklaridan shikoyat etdi.
Turkmanistonda eng kam pensiya hozir 550 manat (taxminan $27,5), nafaqa — 520 manat ($26).
Rasmiylar to‘lovlarni indeksatsiya qilishni bekor qilish tashabbusiga hozircha izoh bermadi. Ammo 2015-yilda Xalq Maslahati a’zosining xalq «qudrat va baxt davrida shunchalik yaxshi yashaydiki, gaz, suv va elektr energiyasi uchun bemalol to‘lay oladi» degan bayonoti oxir-oqibat ushbu xizmatlar uchun imtiyozlarning butunlay bekor qilinishiga olib kelgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!