Uxlab qolish arafasida nega birdan cho‘chib uyg‘onib ketamiz?

Ko‘pchilikda shunday holat kuzatiladi: endigina uyqu og‘ushiga ketayotganingizda tanangiz birdan silkinib, o‘zingiz ham cho‘chib uyg‘onib ketasiz. Ba’zan esa xuddi balandlikdan pastga qulab tushayotgandek his paydo bo‘ladi. Xo‘sh, bu nima sababdan sodir bo‘ladi?
Aslida, bu holatning ilmiy nomi bor — gipnik silkinish. U inson uyquga ketayotgan paytda mushaklarning beixtiyor va to‘satdan qisqarishi natijasida yuzaga keladi.
Uyqu boshlanishi bilan organizm asta-sekin bo‘shashadi, nafas olish va yurak urishi biroz sekinlashadi. Ayni shu jarayonda ba’zan mushaklar kutilmaganda qisqarib, odamning cho‘chib uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.
Qizig‘i shundaki, bunday paytda inson o‘zini zinadan qoqilib ketgandek yoki baland joydan tushib ketayotgandek his qilishi mumkin. Bu holat ba’zan tushlar yoki turli tasavvurlar bilan ham birga kechadi.
Olimlar hozirgacha gipnik silkinishning aniq sababini to‘liq aniqlamagan. Biroq ayrim omillar uning yuzaga kelish ehtimolini oshirishi mumkin. Jumladan:
ortiqcha charchoq;
asabiylashish va stress;
uyqu yetishmasligi;
kofeinli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilish.
Bu holat xavflimi?
Odatda, gipnik silkinish xavfli hisoblanmaydi va ko‘pchilikda uchraydigan tabiiy hodisalardan biri sanaladi. Shu sababli, vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lishi uchun ortiqcha xavotirlanishga hojat yo‘q.
Biroq silkinishlar tez-tez takrorlansa, uyqu sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatsa yoki boshqa g‘ayrioddiy alomatlar bilan birga kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.






























Izohlar 0
…