Dunyoni yakka aylangan ayol 10 yildan so‘ng yirik aviakompaniya kapitani bo‘ldi

Dunyo2 daqiqa o'qish15
Dunyoni yakka aylangan ayol 10 yildan so‘ng yirik aviakompaniya kapitani bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Xitoylik uchuvchi Van Chjen American Airlines aviakompaniyasida kapitanlik lavozimiga ko‘tarildi.
  • U 2016 yilda bir dvigatelli samolyotda dunyoni yakka aylanib chiqqan birinchi osiyolik ayol sifatida tanilgan edi.
  • Reklama sohasida 17 yil ishlagan Van Chjen 37 yoshida uchuvchilik kasbini egallashga qaror qilgan.
  • U 38,5 ming kilometrlik tarixiy parvozini 18 kun davomida Cirrus SR22 samolyotida amalga oshirgan.

Xitoylik uchuvchi Van Chjen (Julie Wang) American Airlines aviakompaniyasida kapitanlik lavozimiga ko‘tarildi. U 10 yil avval samolyotda yakka holda dunyoni aylanib chiqqan birinchi osiyolik ayol sifatida tanilgan edi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Van Chjen o‘zining Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yangi lavozimga tayinlangani haqida xabar berdi. U 10 yil avval bir dvigatelli samolyotda dunyoni yakka aylanib chiqqanini va bugun aviakompaniya kapitani sifatida katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotganini ta’kidladi.

«O‘n yil avval bir dvigatelli samolyotda dunyoni yakka aylanib chiqish uchun jasorat topganimdan bugun kapitanlikning to‘rt chizig‘ini taqib, mas’uliyatni o‘z zimmamga olishgacha bo‘lgan yo‘l — hayotimning yarmi davomida bosib o‘tgan yo‘lim», — deb yozdi u.

Van Chjen AQSHdagi Shukronalik kuni arafasida yangi lavozimga ko‘tarildi. U oilasi, do‘stlari, ustozlari va 10 yil avval orzu qilish hamda parvoz qilishga jur’at etgan o‘zining o‘sha paytdagi holatiga minnatdorlik bildirdi.

17 yil reklamadan keyin uchuvchilikka o‘tgan

Van Chjen Xitoyning Chunsin shahrida tug‘ilgan. Ota-onasi aerokosmik muhandislik sohasida professor bo‘lgani sababli, u bolaligidan aviatsiyaga qiziqqan. Biroq u dastlab reklama sohasini tanlab, 17 yil davomida shu yo‘nalishda ishlagan.

Oilasi AQSHga ko‘chib o‘tgach, Van Chjen kasbini o‘zgartirish haqida o‘ylay boshladi. U aviatsiya sohasidagi madaniy qarashlar va stereotiplarga qaramay, 37 yoshida uchuvchilikni o‘rganishga kirishdi.

2011 yilda uchuvchilik litsenziyasini olganidan besh yil o‘tib, 2016 yilda u samolyotda yakka holda dunyoni aylanib chiqdi. Ushbu parvoz orqali birinchi osiyolik ayol sifatida dunyoni yakka aylangani bilan tanildi.

38,5 ming kilometrlik tarixiy parvoz

Van Chjen qo‘shimcha yoqilg‘i baklari o‘rnatilgan Cirrus SR22 samolyotida taxminan 38,5 ming kilometr masofani bosib o‘tdi. Parvoz 18 kun davom etdi.

Sayohat AQSHning Texas shtatidan boshlanib, Tinch okeani orqali Gavayi va Marshall orollariga, keyin Guam va Filippin orqali Xitoyga yo‘naldi. U Xaynan orolidagi Xaykou shahriga qo‘nganidan so‘ng Vetnam, Laos, Tailand, Hindiston va Yaqin Sharq orqali Yevropaga, keyin Atlantika okeani orqali AQSHga qaytdi.

Parvozning eng uzoq bosqichi Gavayigacha bo‘lgan yo‘nalish bo‘lib, u qariyb 14 soat davom etgan.

Van Chjen Marshall orollarida mahalliy aholi bilan uchrashganida, ular uning dunyoni yakka aylanib chiqishga urinayotganidan hayratlangan. Suhbatda aholi unga mashhur uchuvchi Ameliya Erxartning taqdiri haqida ham gapirgan. Erxart 1937 yilda Tinch okeanida g‘oyib bo‘lgan va uning samolyoti hanuz topilmagan.

Tarixiy parvoz bo‘yicha bahslar ham davom etmoqda

Van Chjenning 2016 yildagi parvozi keng e’tirof etilgan bo‘lsa-da, xitoylik boshqa uchuvchi Chen Szinsyan (Saki Chen) ham ushbu tarixiy natijaga nisbatan o‘z da’vosini bildirgan. Ikki uchuvchi o‘rtasidagi huquqiy bahslar yillar davomida davom etgan.

Shunga qaramay, Van Chjenning aviatsiyadagi faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi. Uning reklamadan uchuvchilikka o‘tishi, 37 yoshida yangi kasbni boshlashi va 10 yildan keyin yirik aviakompaniya kapitani bo‘lishi ko‘pchilik uchun ilhomlantiruvchi hayot yo‘liga aylandi.

Keyingi yangilik

Maqola sizga yoqdimi?

Obuna bilan reklama bo'lmaydi

Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm

Izohlar0

…

  1. Futbol akademiyalari uchun Skaut: to‘lov, davomat va ota-ona bilan aloqa endi bitta tizimda
  2. Toshkentdan Amerikaga: Nurmuxammad Ismoilov Akinda orqali halol investitsiyani global miqyosga olib chiqmoqda
  3. Avtoservisingizni raqamlashtiring: Bip Business bilan mijozlarni yo‘qotmang
  4. Mashina oynasiga raqam yozish xavflimi? Bip haydovchilar uchun yangi yechim topdi!
  5. 8 ta keng tarqalgan moliyaviy xato: nimalardan saqlanish kerak?
  6. Playmatch: maydon egalari ishini ancha yengillashtiradi
  7. Playmatch: futbol o‘ynash uchun kerakli barcha xizmatlar bitta ilovada
  8. Kundalik xarajatlar uchun kartani qanday tanlash mumkin?
  9. Eldor Shomurodov futbol akademiyasi va TBC Bank: bolalik orzularidan katta futbolgacha
  10. ANORBANK Boʻstonliqdagi 168-son maktab-internat tarbiyalanuvchilarini tabrikladi
  11. Haydovchilar va tashuvchilar uchun OSGOP sug‘urtasining afzalliklari...
  12. Pure Milky’dan navbatdagi kreativ: Har qadam — aziz insonlarga mehr bilan!
  13. Kredit olish imkoniyatini oshirish uchun qayerda ishlash kerak?
  14. Biznes imkoniyatingizni kengaytiring
  15. Fanning rivojlanishiga barchamiz mas’ulmiz!
  16. XIV Toshkent xalqaro kinofestivali qanday o‘tkazilmoqda?