Tojmahal: Boburiylar zakovati, marmarga singigan motam va tirik tarix sirlari

Hindiston bo‘ylab davom etayotgan BRIKS media-turining navbatdagi manzili afsonaviy Agra shahri bo‘ldi. Dunyoning yetti mo‘jizasidan biri, boburiylar saltanatining me’moriy cho‘qqisi — muazzam Tojmahal qarshisida turib, shunchaki sayyoh sifatida emas, balki ushbu buyuk merosga qondosh xalq vakili o‘laroq o‘zgacha ichki g‘urur va hayajonni his qilasiz.
Bu yerdagi muhit, toshlarga singib ketgan asrlar nafasi va mahalliy tarixchilarning jonli hikoyalari har qanday tayyor kitobiy ma’lumotlardan ancha teranroq taassurot uyg‘otadi.
Abadiy motam va sevgi vasiyati
Tojmahal — shunchaki maqbara emas, balki muhabbat fojiasining oq marmardagi aksidir. Hukmdor Shoh Jahonning suyukli yori Mumtoz Mahal 39 yoshida, 14-farzandini dunyoga keltirayotgan paytda og‘ir holatda vafot etadi.
O‘limi oldidan malika shohga uchta vasiyat qoldiradi:
Bolalariga mehribon bo‘lish va ularni o‘z panohiga olish;
Boshqa ayolga uylanmaslik;
Dunyoda tengi bo‘lmagan, muhabbatlarini abadiyatga muhrlovchi maqbara barpo etish.
Sevikli ayolidan ayrilgan 41 yoshli Shoh Jahon qattiq iztirobda 40 kun davomida qorong‘i hujraga qamalib, motam tutadi. Rivoyatlarga ko‘ra, u hujradan chiqqanda qora sochlari bir kechada oppoq bo‘lib ulgurgan va umrining qolgan qismini faqat oq libosda o‘tkazgan.

Jannatmonand Chorbog‘ va suv bo‘yidagi ko‘shklar
Bosh darvozadan kirganingizda ko‘z o‘ngingizda bepoyon «Chorbog‘» yashil gilami va uni to‘rtga bo‘luvchi suv yo‘laklari ochiladi. Markazdagi lotus shaklidagi havzaga borib tutashuvchi sharqiy va g‘arbiy suv kanallari bo‘yida 1631–1648 yillarda barpo etilgan egizak ko‘shklar — «Jal Mahal» (Suv saroyi) qad rostlagan.
Qizil qumtoshdan yaratilgan, ustida oppoq marmar gumbazchalar porlab turgan ushbu uch arkli qadimiy ayvonlar majmuaga nafaqat me’moriy mukammallik, balki issiq iqlimda suv va soya salqinligini ulashuvchi betakror mikroiqlim bag‘ishlaydi.

Toshlar tilga kirganda: Petra Dura va kun nuri bilan tiriluvchi marmar
Maqbara poydevoridan tortib gumbazigacha noyob Makrana oq marmaridan bunyod etilgan. Bu toshlar Agraga 340 kilometr uzoqlikdagi konlardan minglab tuya, fil va aravalarda tashib keltirilgan.
Bu marmarning o‘ziga xos xususiyatlari hayratlanarli:
Kun tusiga qarab rangini o‘zgartiradi: Erta tongda nimpushti tusga kirsa, peshinda quyosh tik kelganda sutdek oppoq porlaydi, oqshomda va oydin kechalarda esa sirli kumushrang jilva sochadi.
Petra Dura (parchinkorlik) mo‘jizasi: Devorlardagi gul va naqshlar bo‘yoq emas. Oq marmar o‘yilib, ichiga dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan qimmatbaho toshlar — qizil marjon, feruza, lojuvard (lapis-lazuli), yashma va malaxit mohirona qadalgan.
Sulolaviy sir: Ushbu toshlarni marmarga shunday mahkam yopishtirgan qorishma borki, oradan qariyb 400 yil o‘tsa ham birorta tosh ko‘chib tushmagan. Bu san’at va yelimning sirli retsepti asrlar davomida faqat bir oila ustalari orasida otadan o‘g‘ilga o‘tib keladi.


Aql bovar qilmas muhandislik: Zilzila xavfi va optik mutanosiblik
Tojmahalning markaziy binosi yonidagi to‘rtta ulkan minoraga sinchiklab qarasangiz, ularning tik emas, balki ataylab tashqari tomonga biroz og‘dirib qurilganiga guvoh bo‘lasiz. Bu boburiy muhandislarning dahosi bo‘lib, ehtimoliy kuchli zilzila vaqtida minoralar muazzam markaziy gumbaz ustiga emas, balki tashqariga qulashini ta’minlash uchun puxta hisob-kitob qilingan.
Majmuada me’moriy muvozanat qat’iy saqlangan: maqbaraning chap tomonida qizil qumtoshdan masjid qad rostlagan bo‘lsa, o‘ng tomonida vizual mutanosiblikni (simmetriyani) to‘ldirish uchun mehmonxona binosi barpo etilgan.
Hozirda ushbu noyob tarixiy yodgorlik ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylanmoqda. Oq marmarli yuqori maydonga ko‘tariluvchi har bir mehmonga oyoq kiyim ustidan kiyiladigan maxsus baxilalar beriladi, obida hududida ekologik tozalik qat’iy nazorat qilinadi.
Shoh Jahon va Mumtoz Mahal mangu qo‘nim topgan, Jamna daryosi bo‘yida qad ko‘targan ushbu muazzam obida oradan asrlar o‘tsa ham butun dunyo ahlini birdek hayratga solishda davom etmoqda. O‘z ildizlarimiz shunday buyuk tamaddun va me’morchilik dahosi bilan chambarchas bog‘langanini his qilish esa har birimizga cheksiz faxr bag‘ishlaydi.
Agradan tayyorlangan maxsus lavhalarni kuzatib boring.































Izohlar 0
…