
Moskva shahrida 19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida yil yakuniga bag‘ishlangan bevosita aloqa va katta matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Qariyb 4,5 soat davom etgan muloqot chog‘ida davlat rahbari fuqarolar hamda OAV vakillarining savollariga javob berib, jamiyatni o‘ylantirayotgan muhim mavzularga to‘xtalib o‘tdi. Ularning orasida demografiya va oilaviy qadriyatlar masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Prezidentning ta’kidlashicha, aholi sonining kamayishi deyarli barcha postindustrial davlatlar uchun umumiy muammoga aylangan. Yirik iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ham shu kabi vaziyat kuzatilmoqda. Ayrim davlatlarda esa holat juda xavotirli darajaga yetgan. Masalan, Yaponiyada tug‘ilish koeffitsiyenti 0,8 atrofida bo‘lsa, Janubiy Koreyada bu ko‘rsatkich 0,7 ni tashkil qiladi. Rossiyada ham tug‘ilish darajasi pasaygan bo‘lib, hozirda u taxminan 1,4 atrofida. Putinning fikricha, mamlakat kamida 2 foizli ko‘rsatkichga chiqishi lozim, biroq bu oson vazifa emas.
Davlat rahbari bu holatning sabablariga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, zamonaviy jamiyatda ko‘plab ayollar avval ta’lim olishga, keyin malakasini oshirishga va karyerada o‘z o‘rnini topishga intiladi. Shu bois, birinchi farzand ko‘pincha 30 yoshdan keyin dunyoga keladi. Bu paytda esa ona jismonan ham, ruhan ham charchagan bo‘ladi. Prezidentning ta’kidlashicha, farzandli bo‘lish, onalik va otalik baxti jamiyatda qadrli va “moda”ga aylanishi kerak, toki odamlar haqiqiy baxtning mohiyatini anglab yetsin.
Matbuot anjumani davomida Putin 15 yoshdagi muhabbat va erta oila qurish mavzusiga ham munosabat bildirdi. U Kavkaz xalqlarining an’analarini misol qilib keltirib, ularda farzandlarni yoshroq paytida oila qurishga undash odat ekanini aytdi. Prezident buni to‘g‘ri va ibratli an’ana deb baholadi. U Ramzan Qodirovning katta va serfarzand oilasini ham eslab o‘tib, ularda erta nikoh madaniyati mavjudligini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Putin yosh oilalar ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelayotganini tan oldi. Ammo u oila qurish va farzand ko‘rish kabi hayotning asosiy masalalarini ortiqcha kechiktirmaslik lozimligini uqtirdi. Prezidentning fikricha, aynan shu qadamlar jamiyatning barqaror kelajagi va demografik muvozanatni ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.