
Moskva shahri yaqin istiqbolda mehnat migrantlarini jalb qilishdan voz kecha olmasligi ochiq tan olindi. Bu haqda Moskva shahar dumasi yig‘ilishida so‘zga chiqqan poytaxt meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi kunda shahardagi ishchi kuchi tanqisligi taxminan 500 ming nafarni tashkil etmoqda va bu holat migratsiya siyosatiga real yondashuvni taqozo etyapti.
Shahar rahbariga ko‘ra, nazariy jihatdan olib qaralganda, Moskva migrantlarsiz ham yashashi mumkin edi. Ammo amalda demografik holat va iqtisodiy tuzilma bunga yo‘l qo‘ymayapti. «Iqtisodiyot va demografiya, afsuski, o‘z qoidalarini belgilaydi», — dedi Sobyanin o‘z chiqishida.
Merning fikricha, hozirgi demografik pasayish, mehnat bozoridagi nomutanosiblik va ayrim sohalarda mahalliy kadrlar yetishmasligi migratsiya siyosatida sinovdan o‘tgan, muvozanatli va ehtiyotkor yondashuvni talab qiladi. Shu bilan birga, u kadrlar taqchilligi iqtisodiy o‘sish sur’atlari pasaygan taqdirda ham kamaymasligini, aksincha, yanada chuqurlashishini qayd etdi.
Sobyaninning ta’kidlashicha, mavjud murakkabliklarga qaramasdan, mehnat migrantlari poytaxt iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ular Moskva yalpi hududiy mahsulotining taxminan 5–6 foizini ta’minlaydi. Agar migrantlar soni keskin qisqarsa, inflyatsiya darajasi oshib, sanoat, qurilish va hatto mudofaa sohalarida kadrlar yetishmovchiligi yanada kuchayishi mumkin.
Yakunda Moskva meri shahar rahbariyati populistik qarorlardan yiroq turib, migratsiya sohasida izchil va tizimli tartib o‘rnatish niyatida ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash poytaxt uchun ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.